00:03 / 19.07.2021
11578
Tojikiston hududiga qochib o‘tgan afg‘on qirg‘izlari Afg‘onistonga qaytarildi

13-14 iyul kunlari Tojikiston davlat chegarasini kesib o‘tgan 345 nafar afg‘on qirg‘izi Afg‘onistonga qaytarildi. Bu haqda Tojikiston chegara qo‘shinlari matbuot xizmati ma'lum qildi.

Foto: asiaplustj.info

“Joriy yilning 17-18 iyul kunlari Afg‘onistonning Badaxshon viloyati Vahon uyezdi Andemin qishlog‘ida yashovchi 345 nafar qirg‘iz 4 ming bosh uy hayvoni va transport vositalari bilan birga o‘zining doimiy yashash joyi – Vahon uyezdiga qaytarildi”, deb aytilgan xabarda.

Ta'kidlanishicha, ularda 3,5 kgdan ko‘proq giyohvand modda topilgan va musodara qilingan.

Qochqinlarning yurtlariga qaytarilishi Afg‘oniston hukumati ularning xavfsizligini kafolatlagandan keyin tashkillashtirilgan. Qochqinlar Tojikistonda qolish vaqtida BMT konvensiyasiga ko‘ra vaqtincha yashash joyi, oziq-ovqat va tibbiy xizmat bilan ta'minlangan.

14 iyulda Tojikiston chegara qo‘shinlari 347 nafar afg‘on qirg‘izi “Tolibon” hujumidan qochib, Tojikiston hududiga o‘tganini ma'lum qilgandi. Ular orasida 91 erkak, 77 ayol, 64 o‘g‘il bola va 113 qiz bola bo‘lgan. Ularning barchasi Andemin qishlog‘ida yashagan.

Chegarani kesib o‘tish vaqtida 2 nafar go‘dak halok bo‘lgan. Tojik chegarachilari insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik nuqtayi nazaridan, qochqinlarning Tojikistonga o‘tishiga to‘sqinlik qilmagan.

Top