09:40 / 19.07.2021
5396

Toshkent davlat energetika universitetini tashkil etish taklif qilindi

Toshkent davlat energetika universitetini tashkil etish taklif qilinmoqda. Tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda yangi ishlab chiqarish obektlarining ishga tushirilishi yangi elektr quvvatlarining tashkil etilishiga ehtiyojni yuzaga keltirmoqda. Bu energetika sohasi uchun bilimli va malakali mutaxassislarni tayyorlash vazifasini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda. 

“Ma'lumki, energetika sohasi uchun kadrlar Toshkent davlat texnika universitetining Energetika fakultetida o‘qitiladi. So‘nggi yillarda kadrlarning bilimi va saviyasi talab darajasida bo‘lmay qoldi. Yuqoridagi fikrlar energetika sohasi uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlash zaruratini nazarda tutadi. O‘zbekiston energetika tizimidan bir necha barobar kichik bo‘lgan qo‘shni Turkmaniston, Qozog‘iston va Tojikiston energetika tizimida ushbu soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashga mo‘ljallangan Energetika universitetlari faoliyat yuritmoqda. Nafaqat energetika sohasida, balki barcha yo‘nalishlarda ham kadrlar asosiy hal qiluvchi kuch ekanligini unutmasligimiz kerak va asosiy e'tiborni tizimning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish bilan birga, kadrlarni tayyorlash siyosatiga ham alohida qaratishimiz zarur”, deb yozadi murojaat muallifi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Toshkent davlat texnika universitetining Energetika fakulteti negizida Energetika vazirligi huzurida Toshkent davlat energetika universitetini tashkil etish taklif qilingan.

Mavzuga oid
Top