16:40 / 19.07.2021
2933

Xiva tumanida «Aqlvoy» bekatlari tashkil etilib, mobil bog‘chalar ishga tushirildi

Xorazm viloyati, Xiva tumanining chekka hududlari bo‘lmish «Doshyoq» va «Serchali» mahallalarida mobil bog‘chalar ishga tushirildi.

33-son hamda 22-son umumiy o‘rta ta'lim maktablari hududida maxsus bekatlar qurildi va Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan yetkazib berilgan «Aqlvoy» avtobusi – bepul mobil bog‘chalar faoliyat ko‘rsata boshladi.

Ushbu mobil bog‘chalar chekka va uzoq hududlarda istiqomat qiluvchi bolalarga maktabgacha ta'lim xizmatini ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, quyosh energiyasidan quvvatlanadigan konditsioner bilan jihozlangan, hojatxona va boshqa qulayliklarga ega. Mobil bog‘chalarning har biri 48 nafar bolaga xizmat ko‘rsata oladi.

Shuningdek, tumanda 3 ta oilaviy va 1 ta davlat xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Chinobod mahallasida 120 o‘rinli «Kichkintoy binafsha», «Shayx Najmiddin Kubro» mahallasida 3 ta oilaviy bog‘cha ochildi. 

Xiva tumanida 3-7 yoshli bolalar soni 13 mingdan ortiq bo‘lib, yangi bog‘chalar ochilishi evaziga ularning maktabgacha ta'lim bilan qamrov ko‘rsatkichi 53 foizga yetdi.

Top