09:00 / 20.07.2021
12562

“Boshida qiyin, lekin ishni yo‘lga qo‘ygach, hammasi siz uchun ishlaydi” – Baliqchi fermerlar faoliyatiga nazar

Baliqni bejizga yetti xazinaning biri deyishmaydi. Dasturxonimizni bezab turuvchi ushbu totli ne'mat inson sog‘lig‘iga qanchalik darajada foydali ekanligi hammamizga ma'lum. Baliqchilik biznesini esa eng serdaromad sohalardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki O‘rtachirchiq tumanida baliqchilik bilan shug‘ullangan fermerlar bilan suhbatlashib, bunga amin bo‘ldik.

Ilk manzilimiz O‘rtachirchiq tumanidagi Toshkent viloyati suv omborida o‘z faoliyatini tashkil etgan “JAHONGIR AGRO BIZNES” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Xo‘jalik rahbari Sanjar Salomov yo‘lga qo‘ygan tadbirkorligi haqida ma'lumot berdi.

“Fermer xo‘jaligimizda o‘tgan yili 330 tonnadan ortiq baliq yetishtirilgan. Bu yilgi rejamiz kamida 400 tonnalik natijaga erishishdir. Biz faqat bir turdagi – zog‘ora baliq yetishtiramiz. Ularni 146 ta baliq qafas moslamalari (sadok)da boqamiz. Ushbu baliqchilik inshootini Ipotek bank qoshidagi Ipoteka lizing tashkilotidan 3 yilga lizing asosida oldik. Boshida 10 dona baliq qafas moslamalari (sadok) olgan bo‘lsak, keyin bu miqdorni oshirib, ishni kengaytirdik.

Bu ishlarni yo‘lga qo‘yishimizda Ipoteka bankining ajratgan mablag‘lari juda katta yordam berdi. 2018 yilda 2 mlrd.so‘m kredit olgan bo‘lsak, uni o‘z vaqtida qaytarib berdik. 2019-2020 yillarda yana 6 mlrd.so‘mlik mablag‘ olib, tadbirkorligimizni rivojlantirishga erishdik”, - dedi Salomov. 

Press-tur davomida O‘rtachirchiq tumani, O‘rtasaroy QFYdagi “GOLDEN FISH GROUP” MChJ’ga ham bordik. Korxona rahbari Sergey Lagutin OAV xodimlariga yetishtirilayotgan noyob baliq turlari va korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

“Ushbu korxona faoliyati noyob baliq (osyotr, losos, forel) turlarini intensiv hamda yopiq suv aylanma tizimi (UZV)da yetishtirish, inkubatsion sexda baliq lichinkalari ishlab chiqarish, baliqni qayta ishlash, baliq ikrasi ishlab chiqarish hamda ekoturizm yo‘nalishlari tashkil etishga qaratilgan.

Baliqlarga maxsus chip o‘rnatilgan, ularning sog‘lig‘ini tekshirish uchun UZI tekshiruvlari ham o‘tkaziladi. Baliq saqlanadigan hovuzlarda kislorod ta'minoti yetarli bo‘lishi uchun maxsus texnologik moslamalar ham o‘rnatganmiz. Bu ishni yo‘lga qo‘yish boshqa biznes turlari kabi mashaqqatli, vaqt o‘tib hammasini yo‘lga qo‘yib olgach, baliq sizga daromad keltira boshlaydi”, - dedi Lagutin.

Korxonani moliyaviy qo‘llab quvvatlash maqsadida Ipoteka bank tomonidan 33 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilgan. Ushbu loyihaning jami qiymati 54,3 mlrd. so‘mga teng. “GOLDEN FISH GROUP” MChJ o‘z faoliyatini 40,9 gektar yer maydonida joylashgan hovuz va bino-inshootlarda amalga oshiradi.

Korxonada:

  • intensiv basseynlarda osyotr yetishtirish – 400 tonna;
  • ikra ishlab chiqarish – qora ikra 0,5 tonna, qizil ikra 5 tonna;
  • inkubatsion sexda baliq lichinkalari ishlab chiqarish - 1 mln.dona (osyotr va losos turkumiga mansub baliq lichinkalari);
  • qayta ishlash – 100 tonna (tayyor va yarim tayyor baliq maxsulotlari - kotlet, farsh, dudlangan baliq);
  • muzlatkich omborxona – hajmi 30 tonna;
  • sadok usulida baliq yetishtirish – 60 dan ziyot turli o‘lchamdagi sadoklarda 700 tonna losos oilasiga mansub baliqlar yetishtirish;
  • ekoturizm yo‘nalishida – 20 gektar maydonda baliq ovlash, ot sporti, tennis maydonlari tashkil etilgan.

Korxona basseynlarida yetishtirilayotgan 400 tonna osyotr baliqlari asosan qora ikra uchun parvarishlanadi hamda 1 ta osyotr balig‘idan vazniga nisbatan 20 foiz qora ikra olinib, ichki bozorga qayta ishlangan holda taqdim etiladi.

«Ipoteka-bank» ATIB Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top