10:49 / 20.07.2021
4112

Haitida Ariel Anri boshchiligidagi yangi hukumat tarkibi tasdiqlandi

Haitida prezident Jovenel Moiz o‘z o‘limidan 2 kun avval bosh vazir etib tayinlagan Ariel Anri boshchiligidagi yangi hukumat tarkibi tasdiqlandi. Ta'kidlanishicha, yangi bosh vazir prezident saylovlari o‘tkazilgunga qadar mamlakatni boshqaradi.    

Anri, shuningdek, mehnat va ijtimoiy masalalar bo‘yicha vazir lavozimini ham egallaydi. Moiz o‘ldirilgandan keyin bosh vazir vazifasini bajargan hamda mamlakatni boshqarishni o‘z qo‘liga olgan Klod Jozef esa yangi hukumatda tashqi ishlar va din ishlari bo‘yicha vazir sifatida faoliyat yuritadi.

Jozef The Washington Post nashrida chop etilgan intervyusida “mamlakat ravnaqi” uchun bosh vazir lavozimidan ketishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Moiz o‘limidan keyin Jozef mamlakatni boshqarishni o‘z qo‘liga olgandi. Moiz tomonidan bosh vazir etib tayinlangan Anri yangi saylovlar o‘tkazilgunga qadar mamlakatni o‘zi boshqarishi kerakligini aytgan.

Haitida prezident va parlament saylovlari 26 sentyabrga belgilangan, zarurat yuzaga kelsa 21 noyabrda saylovlarning 2-bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top