19:56 / 20.07.2021
9919

Mali prezidentiga suiqasd uyushtirildi

Davlat rahbariga ziyon yetmagan. Suiqasddan so‘ng ikki kishi qo‘lga olingan.

Foto: Getty Images

Malining muvaqqat prezidenti Assimi Goitaga suiqasd qilishni rejalashtirgan ikki kishi hibsga olindi, deya o‘z manbasiga tayanib xabar bermoqda RIA Novosti.

Manba suiqasdda davlat rahbarining o‘zi jarohat olmaganini ma'lum qilgan.

AFP agentligining qayd etishicha, Qurbon hayiti munosabati bilan mamlakat poytaxti Bamakoda jome masjidda o‘qilgan namozdan keyin ikki noma'lum shaxs prezidentga pichoq bilan tashlangan. Goitaga orqadan pichoq urmoqchi bo‘lgan shaxs prezidentning o‘rniga boshqa odamni jarohatlagan. Suiqasdning ikkinchi ishtirokchisi esa zararsizlantirilgan. Muvaqqat prezident darhol voqea joyidan evakuatsiya qilingan.

Malidagi harbiy kuchlar 24 may kuni vaqtinchalik prezident Ba Ndao, bosh vazir Muxtor Uan va yangi mudofaa vaziri Sulaymon Dukurni hibsga olishgandi. Mali rahbariyatining hibsga olinishi prezident Ndao o‘tish davri hukumati 14 may kuni iste'foga chiqqanidan keyin yangi hukumat tarkibi haqidagi farmonni imzolagandan bir necha soat o‘tib yuz bergan.

Hukumatning yangi tarkibiga avvalgi hukumatdan ichki ishlar vaziri Modibo Kone va mudofaa vaziri Sadio Kamara kiritilmagan, bunga hech qanday izoh berilmagan.

Vitse-prezident Assimi Goita bayonot berib, avgustda qabul qilingan o‘tish davri xartiyasini buzishgani sababli prezident va bosh vazirni vakolatlaridan mahrum qilganini e'lon qilgan. Goitaning qayd etishicha, prezident va bosh vazir yangi hukumat tarkibiga vazirlar tayinlashda tarkib borasida vitse-prezident bilan maslahatlashmagan.

Harbiy to‘ntaruvdan keyin davlat chegaralari yopilgan va komendantlik soati kiritilgandi. Polkovnik harbiy unvoniga ega vitse-prezident Goita boshchiligidagi harbiy kengash mamlakat boshqaruvini o‘z zimmasiga olgan va 2022 yilda yangi saylovlar o‘tkazishga va'da bergandi.

26 may kuni Mali konstitutsion sudi polkovnik Assimi Goitani mamlakatning vaqtinchalik prezidenti etib tayinlagandi.

Mavzuga oid
Top