20:18 / 20.07.2021
16712
Xitoyda dunyodagi eng tezyurar poyezd yaratildi

Xitoylik mutaxassislar 600 km/soat tezlikka erisha oladigan poyezd yaratishdi. Ta'kidlanishicha, magnit yostiqda harakatlanuvchi poyezd ayni vaqtda dunyodagi eng tezyurar yerusti transport vositasi hisoblanadi.

Yangi avloddagi poyezd Tsindao shahrida ommaga taqdim qilindi. U hozircha yagona nusxada yaratilgan bo‘lib, Xitoyda ayni vaqtda u harakatlanishi mumkin bo‘lgan liniyalar mavjud emas. Ta'kidlanishicha, bunday poyezdlarda taxminan 10 yildan keyin yurish mumkin bo‘ladi. O‘sha vaqtgacha mamlakatda uzunligi ming kilometrgacha yetadigan 9ta tezyurar liniya quriladi.

Poyezd loyihasi ustidagi ishlar 2016 yil oktyabridan olib borilgan. 2020 yil iyunda Shanhayda uning ilk sinovlari boshlangan.

Poyezd magnit podveska negizida ishlab, u relslarda magnit maydon kuchi yordamida harakatlanadi va bu vaqtda rels sirtiga tegmaydi. Ushbu texnologiya harakatlanish vaqtida shovqinni minimallashtirishga imkon beradi.

Biroq Ginness rekordlar kitobiga ko‘ra, ayni vaqtda magnit yostiqda harakatlanuvchi poyezdlar orasida tezlik rekordi Yaponiyaga tegishli. 2015 yilda Central Japan Railway Company’ga tegishli Series L0 (A07) poyezdi 603 km/soat tezlikka erishgan.

Yanvarda “Sinxua” axborot agentligi Xitoyda ishlab chiqilayotgan tezyurar poyezd prototipi 620 km/soat tezlikka erishishi kutilayotganini ma'lum qilgan.

Xitoy tezyurar temir yo‘llar qurish bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yil oxirida mamlakatda 37,9 ming kmdan iborat tezyurar temir yo‘llar tarmog‘i mavjud bo‘lgan.

Top