13:37 / 21.07.2021
19903
Qurilish firmasiga harbiy qismda «katta ish» olib berish uchun 2,5 mlrd so‘m so‘ragan guruh qo‘lga olindi

Toshkentda harbiy qismda rejalashtirilgan 65 mlrd. so‘mlik kapital ta'mirlash ishlarini qurilish firmasiga olib berish evaziga shartnoma qiymatining 4 foizi miqdorida pul talab qilgan guruh oldindan 30 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida firibgarlik holatlariga chek qo‘ydi.

Qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJning rahbari va yuriskonsulti 4 nafar jinoiy sheriklari bilan kelishgan holda, boshqa bir qurilish firmasi boshlig‘iga Mudofaa vazirligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlaridan birida rejalashtirilgan 65 mlrd. so‘mlik kapital ta'mirlash ishlarini olib berish evaziga, shartnoma qiymatining 4 foizi (2,5 mlrd so‘m) miqdorida pul berishini talab qilishadi va oldindan 30 ming AQSh dollari so‘rashadi.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxslar Mudofaa vazirligining umumiy qiymati 110 mlrd so‘mni tashkil etuvchi boshqa qurilish obektlarini Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan ikki mijozga olib berishni rejalashtirganliklari ham ma'lum bo‘lgan.

Toshkent viloyatida kuzatilgan yana bir shunga o‘xshash holatda esa 1973 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan shaxs va 1978 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro Chinoz tumanidagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan birining rahbari bo‘lib ishlovchi 1975 yilda tug‘ilgan ayol hamda muqaddam xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tizimida faoliyat yuritgan 1972 yilda tug‘ilgan ayol bilan kelishgan holda, qurilish firmasi vakiliga ushbu hududdagi ko‘p qavatli uylarda umumiy qiymati 5 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlarini olib berish evaziga undan 25 ming AQSh dollari talab qilishadi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda ular avans sifatida 10 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.

Toshkent viloyatida yashovchi, muqaddam ichki ishlar idoralarida ishlagan shaxs jinoiy sherigi bilan kelishgan holda ichki ishlar organlaridagi mansabdor tanishlari orqali Toshkent shahrida yashovchi fuqaroni IIV Akademiyasi qoshidagi serjantlar tayyorlash maktabiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 13 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXXning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentning shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida firibgarlar so‘ralgan puldan 6 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil qilish maqsadida «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida 240 mln so‘m kredit olish uchun «Agrobank»ning tuman filialiga murojaat qiladi. Biroq bank xodimlari turli vajlar bilan unga kredit ajratishni kechiktirib keladi.

DXX va departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Agrobank»ning Sardoba tuman filiali ish o‘rganuvchisi ushbu kreditni olib berish evaziga 24 mln so‘m talab qilib, shundan 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top