17:54 / 21.07.2021
4923

Xitoyda voyaga yetmagan bolalarning internetda turli videolar bilan chiqish qilishi taqiqlandi

Hukumat bolalar internetidagi «voyaga yetmaganlarning jismoniy va ruhiy salomatligiga xavf soladigan» yetti muammoni sanab o‘tgan va yirik internet-platformalarga bu muammolarni hal qilishga buyruq bergan.

Foto: China Daily

Xitoy hukumati tomonidan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning strimlarda chiqishi, yulduzga aylanishi, ularni internet orqali daromad olishga undash taqiqlandi. Bu haqda Xitoy kibermakon masalalari bo‘yicha boshqarmasi bayonotida ma'lum qilindi.

«16 yoshdan kichik voyaga yetmaganlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri efirlarda chiqishi, voyaga yetmaganlarni pul ishlashga undan hamda boylik va pulga tobe bo‘lishni namoyish qilish, azoblanish va xunuk qiliqlar orqali pul topish taqiqlanadi», — deyiladi unda.

Hukumat bolalar internetidagi «voyaga yetmaganlarning jismoniy va ruhiy salomatligiga xavf soladigan» yetti muammoni sanab o‘tgan va yirik internet-platformalarga bu muammolarni hal qilishga buyruq bergan.

Birinchisi – bolalar olib boradigan to‘g‘ridan to‘g‘ri translatsiyalarni taqiqlash. Ikkinchisi — voyaga yetmaganlar uchun o‘qishga aloqasi bo‘lmagan onlayn-o‘yinlar, ko‘ngilochar va reklama mahsulotlarini tarqatishni taqiqlash. 

Uchinchi muammo animatsiya bilan bog‘liq. «Yovuz» videomateriallar, zo‘ravonlik, tushkun va jinoyatga undovchi ko‘rinishlarni taqiqlash. Servislar yalang‘och va qo‘rqinchli qahramonlar aks etgan roliklarni o‘chirishi lozim. 

To‘rtinchisi forumlar, guruhlar va boshqa ijtimoiy sahifalarda bolalarga zarar yetkazilishining oldini olish. Bunda bolalar aks etgan shahvoniy va o‘z joniga suiqasd qilishga undaydigan materiallarga alohida e'tibor qaratiladi.

Beshinchi muammo sifatida voyaga yetmaganlarni pul yig‘ish yoki sarflashga, ovoz berishga yoki bolalar o‘rtasida dushmanlik keltirib chiqarishga chaqirishning oldini olish qayd etildi.

Tarmoqda o‘zini tutish madaniyati oltinchi muammo deb ma'lum qilindi.

Yettinchi muammo – voyaga yetmaganlarda internetga qaramlikning oldini olish.

Racer, Tencent QQ, Taobao, Sina Weibo va Xiaohongshu platformalariga jarimalar solingan bo‘lib, ular belgilangan muddat ichida noqonuniy kontent va akkauntlarni o‘chirib tashlashi lozim.

Xitoyda 2019 yilda onlayn-o‘yinlar o‘ynaydigan bolalar uchun komendantlik soati joriy etilgan bo‘lib, voyaga yetmaganlarga soat 22:00dan 8:00gacha internetda o‘yin o‘ynash taqiqlangan. 2021 yilda 60dan ortiq onlayn-o‘yinlarga qiyofani taniy oladigan tizim joriy etilgan. Bu tizim taqiqlangan vaqtda o‘yin o‘ynagan voyaga yetmaganlarni aniqlab beradi.

Mazkur tizim ro‘yxatdan o‘tayotgan o‘yinchining yuzini skaner qiladi. Yuzini ko‘rsatishni istamaganlar voyaga yetmagan deb hisoblanadi va o‘yinlardan avtomatik ravishda chiqarib yuboriladi.

Top