15:06 / 22.07.2021
11161

Maoshdan voz kechgan prezident: Tramp Oq uyda o‘tkazgan to‘rt yil davomida qanday qilib 2,4 mlrd dollarga ega bo‘ldi?

AQShning 45-prezidenti Donald Tramp yiliga 400 ming dollarlik prezident maoshidan voz kechgandi. Ammo prezidentlik davrida 2,4 mlrd dollar pul topdi.

Foto: Forbes

Trampning boyligi maosh hisobiga emas, balki uning voz kechishni istamagan biznesi hisobiga ko‘paydi, deb yozadi Forbes. Hujjatlarga ko‘ra, 2017 yil yanvardan 2020 yil dekabrgacha Trampning daromadi 2,4 mlrd dollarni tashkil etgan.

Prezidentlik davrining dastlabki uch yilida Tramp yiliga 650 million dollarga yaqin pul ishlagan. Ammo 2020 yilda koronavirus pandemiyasi sababli daromad 450 mln dollarga pasaygan. 

Tramp daromadining asosiy qismi uning golf-klublaridan kelgan – to‘rt yilda 940 mln dollarga yaqin. Buning 270 mln dollari Mayamidagi Trump National Doral golf-kurortiga to‘g‘ri keladi. Palm-Bichdagi Mar-a-Lago klubi 90 mln, Nyu-Jyersi shtatidagi golf-klub 60 mln dollar atrofida daromad keltirgan.

Bu pullarning barchasi ham Trampning cho‘ntagiga tushmagan. Golf-klub va kurort biznesi rentabelligi 20 foizni tashkil etadi. Pandemiya davrida ulardan keladigan umumiy daromad 27 foizga kamayib, 2020 yilda 190 mln dollarni tashkil etgan.

Trampning baxtiga, uning ko‘chmas mulklari foyda keltirdi. Tramp 30 foiz aktiviga egalik qiladigan San-Fransiskodagi ofis binosi ijara to‘lovi o‘tgan yili 42 mln dollardan 43 mln dollarga ko‘tarilgan. Nyu-Yorkdagi 1290 Avenue of the Americas manzilida joylashgan uydan ham Tramp 55 mln dollar o‘rniga 58 mln dollar ishlagan.

Mehmonxonalar esa unchalik ham foyda keltirmagan. 2017-2019 yillarda daromad 100 mln dollardan ortiqroq bo‘lgan, 2020 yilda esa 50 mln dollarga tushib ketgan. 

Tramp 2017 yilda 32, 2018 yilda 53 va 2019 yilda 32 mln dollarga ko‘chmas mulk sotgan. 2020 yilda esa Las-Vegasdagi apartamentlardan atigi 435 ming dollar ishlagan.

Mavzuga oid
Top