08:10 / 22.07.2021
4252

Strategik tashkilotlarga gaz uchun oshirilgan koeffitsiyent bekor qilindi

Vazirlar Mahkamasi “Strategik tashkilotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va ularda qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Strategik tashkilotlarga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz uchun o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solish hamda ularning moliyaviy ahvolini barqaror saqlash maqsadida tabiiy gaz qiymatiga 1,4 koeffitsiyent bilan oshirilgan to‘lov undirilishi tartibi bekor qilindi.

Qaror qabul qilinguniga qadar shartnomadagi hajmlardan ortiqcha yetkazib berilgan tabiiy gaz qiymatini 1,4 koeffitsiyent qo‘llanmagan holda qayta hisoblab chiqilishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 105-bandi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

"Iste'molchi tomonidan tabiiy gaz yetkazib berish uchun tuzilgan shartnomada belgilanganidan ko‘p hajmda va gaz ta'minoti tashkiloti bilan oldindan kelishilmasdan gaz olingan taqdirda, iste'molchidan (strategik tashkilotlar bundan mustasno) shartnomadagi hajmlardan ortiqcha olingan tabiiy gaz qiymatiga nisbatan 1,4 koeffitsiyent bilan oshirilgan to‘lov undiriladi. Vujudga kelgan qarzdorlik uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda:

- ushbu qoidalarga ilovada ko‘rsatilgan tabiiy gaz yetkazib berishning alohida tartibi belgilanadigan strategik tashkilotlar gaz ta'minoti tashkilotiga to‘lov muddati o‘tgan har bir kun uchun to‘lov muddati o‘tgan summaning 0,1 foizi miqdorida, lekin muddati o‘tgan summasining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

 - qolgan iste'molchilar gaz ta'minoti tashkilotiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda penya to‘laydi".

Top