20:56 / 23.07.2021
12403

16 yoshli Nodirbek Abdusattorov jahon kubogida niderlandiyalik grossmeysterni mag‘lub etdi

16 yoshli o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov jahon kubogida musobaqa favoritlaridan biri bo‘lgan niderlandiyalik grossmeyster Anisha Girini mag‘lub etdi. O‘yin 41-yurishdayoq yakunlangan.

O‘zbekistonlik shaxmatchi o‘yin davomida ustunlik qilgan. Anisha g‘alaba uchun vabankka borgan va FIDE reytingida 127-o‘rinda borayotgan Nodirbek reytingda 8-bo‘lgan raqibining xatosidan foydalanib, uni mag‘lub etdi.

Saida Mirziyoyeva o‘zining Instagram'dagi sahifasida Nodirbek Abdusattorovni qo‘llab-quvvatlab post joyladi.

«O‘zbekistonlik 16 yoshli Nodirbek Abdusattorov niderlandiyalik grossmeyster Anish Giri ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Nodirbek xalqaro reytingda 127-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, uning raqibi, FIDE jahon kubogi turnirining asosiy favoritlaridan biri Anish reytingda naq 8-o‘rinda qayd etilgan.

Ushbu g‘alaba 2018 yili Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatini eslatib yubordi. O‘sha paytda sportchimiz Shamsiddin Vohidov norvegiyalik grossmeyster, jahon chempioni Magnus Karlsendan ustun kelgan. Boshida Karlsen ro‘parasidagi 16 yoshli o‘spirin Shamsiddinni nazariga ilmagan bo‘lsa, o‘yin oxirida mag‘lub bo‘lib, zaldan asabiy holda otilib chiqib ketgan edi. Bu o‘yin katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Mana o‘sha o‘yin:

Bizning yoshlarimiz shunaqa! Ularni munosib baholamaganlar oqibatda uyalib qoladi. Iqtidorli sportchilarimizga, umuman yigit-qizlarimizga ozgina imkon, turtki berilsa, u yog‘ini eplab ketishadi. G‘alaba muborak!» deb tugatgan postini Saida Mirziyoyeva.

Top