21:39 / 23.07.2021
11704

Aholi murojaatlari bilan ishlash holati tahlil qilindi

Endi fuqarolar murojaatlarining barchasi yagona elektron bazada yuritilib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat idoralarining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha ochiq reytingini shakllantiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyul kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma'lumki, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimiga kirishgandayoq bir fikrni ta'kidlagandi: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Bu elparvar tamoyil davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Ko‘p o‘tmay, 2016 yil 28 dekabrda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasi fuqarolar bilan mutasaddi idoralarni bog‘lovchi tizimga aylandi.

Joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar yo‘lga qo‘yilgani odamlarda muammolarini hal qilish mumkinligiga katta umid va ishonch uyg‘otdi. Davlat idoralari quyi tizimga tushib, aholi ehtiyojlari va talablari asosida ishlashni boshladi.

Xalq qabulxonalari orqali va sayyor qabullarda ko‘tarilgan dolzarb muammolar tahlili ko‘plab islohotlarga ham sabab bo‘ldi. Masalan, 4 yil oldin valuta ayriboshlash, propiska, pensiya va nafaqalarni naqd pulda olish masalalari bo‘yicha har oyda o‘rtacha 100 mingta murojaat tushgan. Bu sohalarda qulaylik yaratilib, muammolar tizimli hal etilgani tufayli ularga oid murojaatlar butunlay to‘xtagan.

Yoki O‘zbekiston fuqaroligini olish tartiblarining yengillashtirilgani sharofatidan 100 mingga yaqin oila ro‘shnolik ko‘rgan.

Sud-tergov idoralariga adolat va ochiqlik kirib borayotgani natijasida odamlarning yillab hal bo‘lmagan 250 mingta shikoyati ijobiy yakun topgan.

Yig‘ilishda aholi murojaatlari bilan ishlashning bugungi holati vazirlik va hududlar kesimida muhokama qilindi.  

Davlat rahbari odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning o‘zida bartaraf qilish kerakligini ta'kidladi.

Buning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlari bir haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratishi, shuningdek, hokimliklarda kunlik qabul yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

«Har bir hokimning kabineti “xalq qabulxonasi” bo‘ladi. Murojaatlarni ko‘rib, nimalarga e'tibor qilish bo‘yicha har bir rahbarning strategiyasi bo‘lishi kerak», – dedi prezident.

Aholi to‘g‘ridan to‘g‘ri tun-u kun murojaat qilishi uchun hokimlarning virtual qabulxonasi va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilning 6 oyida Xalq qabulxonalariga bandlik va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha kelib tushgan 100 mingta murojaatni to‘liq hokimlik kuchi bilan hal qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Eng ko‘p murojaatlar elektr energiyasi va gaz ta'minoti, bandlik, uy-joy, yer, tibbiy xizmat va xalq ta'limi masalalari bo‘yicha bo‘layotgani qayd etilib, ularni hal qilish choralari ko‘rib chiqildi.

Misol uchun, tibbiyot sohasidagi murojaatlarning qariyb yarmini tashkil etayotgan order tartibi o‘rniga ochiq va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilsa, kamida 10 mingta shikoyat kamayishi aytib o‘tildi.

Endi murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada jamlanib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat organlarining ochiq reytingini shakllantirishi belgilandi. Barcha vazirlik va idoralar, hokimliklarda murojaatlarni ro‘yxatga olish, ularni ko‘rib chiqish va natijasini nazorat qilish bo‘yicha Yagona onlayn platforma yaratiladi. U orqali monitoring yuritilib, har oyda Senatga va Hukumatga tahliliy ma'lumot kiritiladi hamda tanqidiy muhokama qilib boriladi.

Shuningdek, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha vazirlik, idora va hudud rahbarlarining hisobotini Senatda har chorakda, mahalliy hokimliklar hisobotini esa mahalliy Kengashlarda har oyda eshitib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Yig‘ilishda mutasaddilar aholi murojaatlari bo‘yicha yangicha tizimda ishlash yuzasidan o‘z fikr va rejalarini bayon etdi.

 

Top