21:09 / 23.07.2021
7043

Audi o‘zining eng kichik modelini ishlab chiqarishni to‘xtatmoqda

Foto: Audi

Germaniyaning Audi kompaniyasi A1 deb nomlanuvchi o‘zining eng kichik modelini ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Markus Dyusmannga tayanib Motor1 xabar bermoqda.

Audi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya kelajakda asosan elektromobillar ishlab chiqarishga e'tibor qaratadi. Shu bilan birga, Audi A1 kabi kichik modellarni elektr energiyasiga o‘tkazish rejalashtirilmagan, chunki bu iqtisodiy jihatdan foydasiz hamda kompaniya uchun qimmatga tushadi.

Nemis avtomobil brendi elektr dvigatelli avtomobillar chiqarishga o‘tishi shu yilning iyunida ma'lum bo‘lgan. Kompaniya 2026 yildan elektromobillar ishlab chiqarishga to‘liq o‘tishni mo‘ljallamoqda.

2033 yilda Audi ichki yonuv dvigatelli avtomobillar modellarini ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatadi. Shu bilan birga, kompaniya dunyodagi eng katta avtobozor bo‘lgan Xitoyda benzin va dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi avtomobillarga bo‘lgan talab 2033 yildan keyin ham saqlanib qolishiga umid bog‘lamoqda. Shu sababli nemis brendi 2033 yildan keyin ham mahalliy bozorda an'anaviy mashinalarni chiqarishni davom ettirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Top