13:52 / 23.07.2021
21909

E-jarima'ning “otasi” kim?

AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi “G‘alabaning otasi ko‘p, mag‘lubiyat esa hamisha yetim”, deya bejiz aytmagan. Bu ibora naqadar topqirlik bilan aytilganiga bugun so‘z yuritadigan mavzumiz orqali yana bir marta ishonch hosil qilamiz.

Bir necha oydan buyon ejarima.uz sayti noma'lum sabablarga ko‘ra faoliyat yuritmayapti. Buning natijasida fuqarolar ma'muriy jarimalarni to‘lashda muammoga duch kelmoqda.

Dastlab saytning jarima to‘lash bo‘limiga kirilganda, “Xizmat vaqtincha ish faoliyatida emas” degan yozuv turdi. Keyinchalik esa shu ham ko‘p ko‘rildi shekilli, sayt umuman ishlamay qoldi.

Bizga ma'lum bo‘lgan ikki holatda ham nosozliklar o‘z isbotini topmoqda.

Birinchi holatda, fuqaro 2021 yil 2 may kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida tibbiy niqobsiz yurgani uchun unga nisbatan ichki ishlar xodimi tomonidan MJtK 54-moddasi bilan bayonnoma tuzilib, ma'muriy jarima qo‘llanadi.

Jarimaga tortilayotgan vaqtida fuqaro jarima to‘lashda muammolar borligini bilgani uchun, har ehtimolga qarshi o‘sha yerning o‘zida ichki ishlar xodimining planshetidan bayonnoma raqamini rasmga tushirib olgan.

Kutilganidek, fuqaroning telefoniga jarima haqida SMS kelmagan.

SMS'dan umidini uzib, telefonda olingan suratdan bayonnoma raqamini ko‘rib olib, uni Click to‘lov tizimiga kiritganida: “Bunday bayonnoma yo‘q” degan bir xil javob chiqavergan. Payme, Apelsin ilovalarida ham xuddi shunday holat kuzatilgan.

Bundan tashqari, jarimaga tortilgani to‘g‘risida fuqaroning uyiga xat ham bormagan.

Yuqoridagi holatlar natijasida fuqaro jarimani ertaroq to‘lab, 30 foizlik chegirma olish huquqidan foydalanolmay qolgan. U nafaqat imtiyozli 15 kunni o‘tkazib yuborgan, balki 2,5 oydan oshiq vaqt mobaynida jarimani to‘lolmay kelmoqda.

Yana bir shunga o‘xshash holat: Kun.uz'ga murojaat qilgan haydovchi shu yil 27 iyun kuni YPX xodimlari to‘xtatgani va to‘lanmagan jarimasi borligini ma'lum qilishganini aytadi. Ta'kidlashicha, unga 2020 yil 30 may kuni (1 yil-u 1 oy muqaddam) tezlikni oshirgani bo‘yicha ma'muriy bayonnoma tuzilgan bo‘lgan. Ammo bu haqda na uning uyiga xat kelgan va na telefon raqamiga SMS. Xullas, fuqaro huquqbuzarlik sodir etganidan o‘zi bexabar.

“Bor otangga, bor onangga”

Muammo sababi bilan qiziqib, 12 may kuni Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovga yuzlandik. Vazirlik rasmiysi masalani tegishli mutaxassislardan surishtirgani, ular sayt faoliyatida uzilishlar bo‘lmayotgani to‘g‘risida ma'lumot berishganini bildirdi.

Biroq bir necha oydan so‘ng, fuqaro takroran murojaat qilib, nosozliklar davom etganini, jarimani hamon to‘lolmaganini ma'lum qilgach, yana IIV axborot xizmati bilan bog‘landik.

Shohruh G‘iyosov bu bo‘yicha vazirlikda muammo yo‘qligini, platformalar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan yuritilishini bildirdi.

Shundan so‘ng, muammo sababini aniqlash maqsadida AKT vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmadov bilan bog‘landik. Sherzod Ahmadov ejarima.uz platformasiga AKT vazirligining aloqasi yo‘qligini, uni Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqanini, ichidagi ma'lumotlarni ham ular to‘ldirib borishini ta'kidladi.

“Ichki ishlar vazirligi yaratgan narsani va uning ichiga qo‘yiladigan ma'lumotni, ya'ni kimni jarimaga tortganini va uni kimga yuborganini bizning vazirlik qilmaydi, bu ko‘rinib turibdi-ku?” – dedi Sherzod Ahmadov.

Bu javob yuzasidan Shohrux G‘iyosovga takroran yuzlandik.

“IIV o‘zi bunday ishlarni amalga oshirmaydi, IIV ma'lumotlarni jamlaydi va portaldan foydalanadi. AKT vazirligi (platforma) xavfsizligi uchun mas'ul idora, shuning uchun ularni aytgan edim”, – deya javob qildi Shohrux G‘iyosov.

Bunday javobdan keyin yana Sherzod Ahmadovdan munosabat olish zarurati tug‘ildi.

Sherzod Ahmadov platformaning ishlamayotgani aniq Ichki ishlar vazirligining shaxsiy masalasi ekanini, AKT vazirligi hatto platformani ishlab chiqishda qatnashmaganini ham bildirdi.

Guvohi bo‘lganingizdek, muammoning sababini aniqlashga bo‘lgan urinishlarimiz mana shunday antiqa fikrlar qarama-qarshiligini keltirib chiqardi. Hech bir idora platformaning ishlamayotganini o‘ziga bog‘lamayapti.

Sansalorlikning oxiri bormi?

Fikrimizcha, agar platforma yaxshi ishlab turganida uning “otasi”ni topish qiyin bo‘lmasdi. Ammo hozirgi muammoli vaziyatda buning uchun javobgar tashkilotni topib bo‘lmayapti.

Shu o‘rinda bir qator savollar tug‘iladi.

Budjet pullari sarflanib yaratilgan va yangi davrning yangiliklaridan biri sifatida ko‘z-ko‘z qilingan Ejarima.uz platformasi nega bir necha oyki ishlamay yotibdi?

Bu borada mas'uliyatni zimmasiga oladigan biror tashkilot bormi? Yoki rostdan ham platforma shu darajada egasizmi?

Platforma ishlamasligi ortidan fuqarolarning jarima to‘lashdagi imtiyozli davrdan foydalanish huquqi buzilayotganini qanday izohlash mumkin? 30 foiz chegirma beriladigan 15 kunlik davrni o‘tkazib yuborgan va jarimasini hamon to‘lolmayotgan fuqarolar nima qilsin? Platforma ishlamayotgani uzrli sabab deb topilib, fuqarolarning buzilgan huquqi tiklab beriladimi?

Nega jarima haqida fuqaroning telefon raqamiga SMS xabar bormayapti? Soliq to‘lovchilar hisobidan yaratilgan tizim nega buzuq?

O‘zi shusiz ham ma'muriy jarimalarga 30 foizlik chegirmani qo‘llashda muammolar yetarlicha bo‘lib turganida platformaning ishlamay qolgani “dard ustiga chipqon” bo‘lmoqda.

Ejarima'ning “otasi” tez orada topilib, muammo bo‘yicha izoh berishini, jarima to‘lolmayotgan fuqarolarning esa 30 foizlik chegirmadan foydalanish bo‘yicha qonuniy haq-huquqlari tiklanishini kutib qolamiz.

Har holda o‘tgan asrning 90-yillarida emas, XXI asrning 21-yilida yashamoqdamiz.

Abbos Salaydinov

Top