13:34 / 23.07.2021
96141

G‘o‘slik ayollar haqorat qilingani uchun Urgut tuman hokimligi oldida yuzlab odam yig‘ildi

23 iyul kuni Urgut tumani hokimligi binosi oldiga yuzlab odam yig‘ilgan.

Samarqand viloyati Urgut shahrida istiqomat qilib kelgan Sh.Sh. ismli shaxs telegramdagi guruhda qoldirgan videoxabarida g‘o‘sliklarning sha'niga tegadigan gaplar bilan haqorat qilishi katta mojaroga sabab bo‘ldi.

Voqea guvohlarining Kun.uz’ga xabar berishicha, shundan so‘ng Sh.Sh.ning uyiga G‘o‘s mahallasida yashovchi yuzlab odamlar yig‘ilib kelgan va «samosud» qilmoqchi bo‘lishgan. Ammo o‘zlarini haqoratlagan shaxsni uyidan topa olishmagan.

Sh.Sh.ni izlab borgan va yig‘ilgan odamlarni tarqatishga huquq-tartibot idoralari vakillari jalb etilgan.

Tahririyat ixtiyoriga kelib tushgan videolarda Urgutdagi oziq-ovqat do‘koni oldiga yig‘ilgan yuzlab odamlar tartibga chaqirilayotgani aks etgan. Shuningdek, Sh.Sh.ning g‘o‘sliklar sha'niga qarata aytgan qo‘pol so‘zlari, o‘sha vaqtda u mast holatda bo‘lgani, keyinchalik kechirim so‘ragani aks etgan murojaati ham bor.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati holat bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi.

«Joriy yilning 21 iyul kuni Urgut tumani «Do‘stlik» mahallasida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Sh. Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi guruhda guruh a'zolarini haqoratlagan videomurojaatini joylashtirib, fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlagan.

Haqoratli videoni ko‘rgan guruhdagi ayrim fuqarolar Sh.Sh. kechirim so‘rashini talab qilib, uning yashash xonadoniga borishgan.

Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 140-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro Sh.Sh.ga nisbatan «qamoq» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sh.Sh.ning yashash manziliga kelib, janjal ko‘targan barcha fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Jamoat tartibini buzgan har bir fuqaroning harakatlariga ham qonuniy tartibda baho beriladi.

Shu o‘rinda o‘zboshimchalik bilan, qonunda belgilanmagan tartibda boshqa bir fuqaroni «samosud» qilish yoki shu kabi harakatlarga urinish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishini eslatib o‘tamiz», deyiladi viloyat IIB xabarida.

Mavzuga oid
Top