22:33 / 23.07.2021
7220
«Vaksinatsiya, vaksinatsiya yana bir marta vaksinatsiya» - Shavkat Mirziyoyev aholini koronavirusga qarshi emlanishga chaqirdi

Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni ehtiyot bo‘lib, koronavirusga qarshi emlanishga chaqirdi. 4 avgust kuni Amerikadan yana 3 mln doza vaksina olib kelinayotgani ma'lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida xalqqa murojaat qilib, koronavirus pandemiyasidan ogoh bo‘lishga chaqirdi.

«Fursatdan foydalanib xalqimizga murojaat qilmoqchiman. Juda ehtiyot bo‘laylik, pandemiya nimalarga qodir ekanini ko‘rsatyapti. Bu ko‘rinmas dushman biz bilan juda katta kurash olib boryapti.

Shuning uchun vaksinatsiya, vaksinatsiya yana bir marta vaksinatsiya. Juda katta mashaqqatlar bilan vaksinalarni olib kelyapmiz. 4 avgust kuni yana 3 million yangi doza Amerikadan keladigan bo‘ldi. Mana 2,5 million doza vaksinamiz bor, lekin hali ham odamlarimiz vaksinaga ishonmayapti, juda katta yo‘qotish bo‘lyapti oralarimizda.

Mana shu tartibimiz, intizomimiz har birimizni sog‘lig‘imizga e'tibor qilishga yana bir bor da'vat qilmoqchiman, butun xalqimizga murojaat qilib.

Befarq bo‘lmaylik, ko‘rinmas dushman oldimizda yuribdi. Mana ko‘ryapsizlar, shifoxonalarimiz to‘lib ketdi yana. Hamma yerni yopgan edik biz bir paytlar, qanday og‘ir keldi hozirgi pandemiya. Qachon tugaydi hech kim bilmaydi», – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top