15:39 / 23.07.2021
2687

Iyun oyida ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni qariyb 17 foizga oshdi

Iyun oyida 21,5 mingdan ziyod o‘zbekistonlik uy-joy sotib olish uchun shartnoma tuzdi. May oyida uy-joyga talab pasaygan edi. Iqtisodiy islohotlar va tadqiqotlar markazi buni iqtisodiy faollik tiklanishi bilan bog‘liq deb hisoblamoqda.

Foto: Fotolia

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi iyun oyida uy-joyga bo‘lgan talabni o‘rgandi. Markaz tahlillariga ko‘ra, iyun oyida mayga nisbatan ko‘proq uy-joy shartnomalari imzolangan.

Iyun oyida ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 21,5 mingtani tashkil etgan. Bu may oyiga nisbatan 16,8 foizga ko‘proqdir.

May oyida aprelga nisbatan biroz pasayish qayd etilgan edi. 2019 yilning iyun oyi (14,3 ming) bilan taqqoslaganda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni 50,6 foizga oshdi. Biroq 2020 yil iyun oyiga nisbatan (33,6 ming) 36 foizga pasayish qayd etildi. Bu, bir tomondan, o‘tgan yili lokdaundan keyin karantin choralari bosqichma-bosqich yumshatilishi sabab ko‘chmas mulk bozorida jonlanish qayd etilgani bilan, boshqa tomondan doimiy ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirilishi bilan izohlanadi.

2020 yilning iyun oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 2019 yilning iyuniga (14,3 ming) nisbatan 35,2 foizga oshgan bo‘lsa, Toshkentda bu ko‘rsatkich (2019 yilning iyunida 4,5 ming) 48,7 foizga ko‘paygandi.

Hududlar kesimida respublikaning barcha hududlarida may oyiga nisbatan o‘sish kuzatildi. Eng yuqori o‘sish sur'atlari Samarqand (31,7 foiz), Farg‘ona (27,1 foiz), Namangan (26,2 foiz), Jizzax (25,7 foiz) va Navoiy (22,6 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev aholining uy-joyga ehtiyojini to‘la qondirish uchun yiliga 100—150 mingta uy-joy qurish lozimligini ta'kidlab joriy yilda 54 ming oila uy-joy bilan ta'minlanishi zarurligini ma'lum qilgandi.

Top