16:04 / 23.07.2021
42405

Kutil(ma)gan mehmonlar: Toshkentda nega Hindiston va Pokiston fuqarolari ko‘payib ketdi?

Ayni kunlarda poytaxt ko‘chalariga chiqqanlar albatta o‘ziga xos liboslarda kezib yurgan, ko‘rinishidan hindistonliklarni eslatuvchi mehmonlarga ko‘zi tushadi. Xo‘sh, ular kimlar va Toshkentda nima qilishmoqda?

Foto: Dreamstime

Avvalo bir narsani ta'kidlashimiz lozim – O‘zbekiston mehmonlar, sayyohlar uchun ochiq davlat. Yaxshi niyatda bo‘lgan, amaldagi qonunlarni hurmat qilgan har bir xorijlik bemalol kelib-ketishi, ma'lum muddat yashashi mumkin. Bugungi qahramonlarimizni ham yoppasiga nimadadir ayblash fikridan yiroqmiz. Ammo ular sonining birdaniga ko‘payib ketishi e'tiborni jalb qilmay qolmaydi.

Hindiston va Pokiston fuqarolarida to‘satdan O‘zbekistonga qiziqish paydo bo‘lganiga ishonish, ular boy tariximizni o‘rganishga, mehmondo‘st xalqimiz bilan tanishishga keldi, deb hisoblash eng kamida soddalik bo‘lar edi. Bu toifa mehmonlar bir necha maqsadlarni ko‘zlaganini taxmin qilish mumkin:

1. O‘zbekiston, xususan Toshkent hindistonliklar va pokistonliklarga tranzit hudud vazifasini o‘tab beryapti. Ma'lumki, ularning eng ko‘p to‘plangan hududi Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni kabi o‘ziga to‘q arab davlatlari hisoblanadi. Nisbatan arzon ishchi kuchi sifatida qaraluvchi bu insonlar arab davlatlarida millionlab ishlashadi. Ammo koronavirus pandemiyasi vaziyatni butkul o‘zgartirib yubordi. Ayniqsa Hindistondagi murakkab vaziyat qator davlatlarga bu davlat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni to‘xtatishga majbur qildi. O‘zbekiston esa hozircha o‘z darvozalarini yopgani yo‘q. Bu davlatlar fuqarolari test topshiradilar, uchib keladilar va bu yerda karantin muddatini o‘taydilar. Shundan so‘ng ko‘zlagan manzillari (asosan BAA) sari yo‘l oladilar;

2. “Kirdi-chiqdi” uslubini qo‘llash. Ma'lumki, ko‘p davlatlar gastarbayterlardan belgilangan muddat yakuniga yetgach o‘z hududini tark etishni talab qiladi. Hindistonliklarga o‘z davlatiga qaytib borish keyinchalik ishlab turgan davlatlariga kiritilmaslik xavfini tug‘diradi. Shunday paytda yeb-ichish va yashash nisbatan arzon O‘zbekiston ularga vaqtinchalik qo‘nalg‘a vazifasini bajarib berishi mumkin;

3. Uchinchi sabab yaxshi niyatli mehmonlarni ranjitadi. Biroq bu davlatlardan tashrif buyurganlar orasida odamlarni chuv tushirish uchun kelganlar ham yo‘q emasligi ma'lum. Ayniqsa, Pokiston fuqarolari orasida tilanchilik, og‘ir vaziyatga tushib qolganini aytib yordam so‘rash hollari juda ko‘paydi. Machitlar yoniga turib olib, hashamatli uylarga kirib borib, odamlarning diniy bag‘rikengligidan foydalangan holda katta pulga tushirib ketish urchigani haqida “Parijga yetib oladigan pulni yig‘ib bo‘lgan” – Toshkentda pokistonlik tilanchilar ko‘paygani aytilmoqda” sarlavhali maqola ham e'lon qilgan edik;

4. Turizmga oid islohotlar natijasida O‘zbekiston ko‘p davlatlar uchun vizasiz rejim joriy qilgan yoki soddalashtirilgan viza olish tartibini yo‘lga qo‘ygan. Bugungi sharoitda aksariyat davlatlar bunday imtiyozlarni qisqartirmoqda. Bu omil ham arzon yo‘nalish izlovchilarga qo‘l kelishi mumkin.

Albatta, qanday maqsadda kelmasin ular to‘rt devor ichida biqinib o‘tirishmaydi. Ularni kuzatgan yurtdoshlarimiz taassurotlari bilan o‘rtoqlashamiz:

“Dam olish kunlari bolalarimni olib Magic City maskaniga borgandik. Juda ko‘p hindistonlik va pokistonliklarni uchratdim. O‘zlarini tutishlari, telefonda baqirib gaplashishlari, chiqindi tashlashlarini ko‘rib, ko‘nglim g‘ash bo‘ldi”.

* * *

“Ularning birortasida “maska” yo‘q. Nega ichki ishlar xodimlari nazorat qilishmayapti, hayronman. O‘zi karantin paytida xavfli hududlardan sayyohlarni qabul qilish qanchalik to‘g‘ri?!”.

Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati boshlig‘i Lola Rahmonboyeva:

“Hindiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekiston hududiga faqat elektron viza yoki vizasiz tranzit bo‘yicha kirib kelishlari mumkin. Pokiston Islom Respublikasi fuqarolari esa mamlakatimizga faqat viza olgan holda tashrif buyuradilar. Bevosita tashrif buyurganlar soniga kelsak Hindistondan joriy yilning 6 oyi davomida jami 3119 kishi kirib kelgan bo‘lsa, birgina iyun oyining o‘zida 1719 kishi kelgan. Pokiston bo‘yicha bu ko‘rsatkich 2813 kishini (iyunda 830 kishi) tashkil qiladi”.

Ko‘rinib turibdiki, so‘nggi oyda bu davlatlardan kelgan mehmonlar soni keskin o‘sgan. Mehmondo‘st xalqimiz bu holatga jiddiy shubha bilan qaramoqda. Albatta, O‘zbekiston hududiga kirgan har bir tashrif buyuruvchi PZR test topshiradi, lozim bo‘lganda karantin saqlaydi. Ammo qisqa vaqt ichida bir hududdan ko‘p sonli sayyohlar tashrif buyurishi va jamoat tartibiga rioya qilmasligi tegishli tizimlarning diqqatiga arziydi.

Abror Zohidov.

Top