16:40 / 23.07.2021
14343

Pentagon AQSh harbiylari toliblarga aviazarbalar berganini xabar qildi

Qayd etilishicha, aviazarbalar AQSh armiyasi markaziy qo‘mondonligi rahbari general Kennet Makkenzining ruxsati bilan amalga oshirilgan.

Foto: imago

Amerika harbiylari Afg‘oniston armiyasiga yordam berish uchun toliblarga qarshi aviazarbalar berdi. Bu haqda France 24 telekanali xabar qilmoqda.

"So‘nggi bir necha kun davomida Afg‘oniston milliy mudofaa kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun havodan zarbalar berdik. Biz aviazarbalar berishda davom etamiz", – deb ma'lum qildi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Uning qayd etishicha, aviazarbalar AQSh armiyasi markaziy qo‘mondonligi rahbari general Kennet Makkenzining ruxsati bilan amalga oshirilgan.

"Qo‘shma Shtatlar xavfsizlikni ta'minlash uchun kelgusida ham Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari va hukumatiga yordam berishda davom etadi", – deb qo‘shib qo‘ydi Kirbi.

AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Mark Millining so‘zlariga ko‘ra, toliblar hozirda Afg‘onistondagi 400ga yaqin tumanning yarmiga yaqinini nazorat qilmoqda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top