18:14 / 23.07.2021
10981
«Qarzga yashayapmiz» - Shaxmat federatsiyasi xodimlari deyarli bir yildan buyon maoshsiz ishlayotgani ma'lum qilindi

Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ikki oy muqaddam bu masala yechilganini aytgandi. Ammo federatsiya xodimlari bu yolg‘on ma'lumot bo‘lganini ta'kidlamoqda.

26 may kuni bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov «Toshkent 5 tashabbus harakati» tadbirlari doirasida Kun.uz muxbirining savollariga javob bergandi. Suhbat davomida jumladan, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xodimlari 6 oydan buyon maoshlarini ololmayotgani masalasi ham ko‘tarilgan hamda Abduhakimov bu masala o‘z yechimini topganini ma'lum qilgan.

«Olti oy emas, sal kamroq. Bu masala yechildi. O‘zim borib shug‘ullandim. Bilasiz, federatsiyada bungacha juda katta muammolar bo‘lgan. Bizning bir qator iqtidorli, yosh qizlarimizga yo‘l berilmagan. Bir qancha insonlar esa faqat o‘z yaqinlarini xalqaro turnirlarga yuboravergan. Biz buni ham bartaraf etdik», degandi u.

Shaxmat federatsiyasiga ham rahbarlik qilib kelayotgan Aziz Abduhakimovning yuqoridagi javobidan keyin masala yechimini topganiga yoki hech bo‘lmasa, shundan keyin yechilishiga ishongandik. Ammo...

Shu kunlarda shaxmat federatsiyasida ishlovchi mas'ul xodimlaridan biri tahririyat bilan maoshlar masalasida bog‘landi. Shaxsi sir qolishini so‘ragan manbaga ko‘ra, Aziz Abduhakimovning oyliklar masalasida Kun.uz’ga bergan javoblari mutlaqo yolg‘on. U maoshlar masalasini hal qilganicha yo‘q. Tashkilot xodimlari hozir ham oylik-maoshsiz ishlab kelmoqda.

Aziz Abduhakimov

U bu borada bizga yana quyidagilarni so‘zlab berdi:

«Oylik-maoshlar muammosi federatsiyada o‘tgan yili aprel oyida boshlangandi. O‘shanda rahbariyat karantin sabab, federatsiya xodimlarini ish haqi to‘lanmaydigan tartibda mehnat ta'tiliga chiqarib yuborgandi. Ammo shu bilan birga ish onlayn tarzda davom etaverdi. Biz shu tartibda aprel oyidan yil oxiri – dekabrgacha ishladik.

2021 yil yanvar oyida esa prezident Shavkat Mirziyoyevning «Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori chiqdi. Shu qaror bilan O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirish, shuningdek, federatsiya xodimlarining oyligi masalasida sezilarli ishlar ham qilina boshlandi. Masalan, 2021 yil yanvarida markaziy shaxmat klubidan qarz olindi va shu qarz hisobidan xodimlarga yanvar-fevral oyi uchun maoshlar to‘lab berildi. Ammo xodimlarga oylik to‘lash shu ikki oyni aytmasak, yana to‘xtatildi.

Afsuski, shundan beri, mana 5 oydirki, oylik olmay ishlayapmiz. Rosti, ko‘p xodimlar, jumladan, o‘zim ham do‘st-tanishlardan qarz-havola qilib yashayapman», deydi federatsiya xodimi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xodimlarga o‘tgan vaqt davomida biror marta mukofot yoki rag‘batlantirish pullari ham to‘lanmagan. Shaxmat klubidan olingan pullar esa federatsiya bo‘ynidagi qarzligicha qolyapti.

«Eshitishim bo‘yicha, oyliklar masalasida yuqori idoralarga ko‘p bor murojaat qilinyapti, xatlar chiqarilyapti, lekin yechimni ko‘rganimiz yo‘q. Shaxmatni rivojlantiramiz, ommalashtiramiz, deyildi, lekin federatsiya xodimlarining o‘zi oylik olmayapti, shaxmat qanday ommalashadi?» deya so‘zlarini yakunladi federatsiya xodimi.

Kun.uz muxbiri ushbu ma'lumotlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasining turizm va sport masalalari kotibiyati mudiri Obid Qudratovdan izoh oldi.

Obid Qudratov

«Bu masaladan qisman xabarim bor. Lekin bizda Shaxmat federatsiyasi budjet emas, nodavlat tarzda ochilgan tashkilotdir. U homiylik va o‘zi ishlab topgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Bizda ham shaxmat federatsiyasiga homiy sifatida «O‘zbekneftgaz» AJ, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ, «Aloqabank» va Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi biriktirilgan. 

Biz bu tashkilotlarga shaxmatni rivojlantirishga ko‘mak berishni so‘rab, topshiriq xatlari chiqarganmiz. Ammo to‘lovlar cho‘zilyapti. To‘g‘risi, bu ko‘proq bizga emas, boshqa shaxslar, tashkilotlar bilan bog‘liq jarayon. Ularni majburlab bo‘lmaydi, lekin biz budjetdan to‘lanadigan xarajatlarni to‘lab kelyapmiz», dedi Qudratov.

Ayni vaqtda Yaponiyaning Tokio shahrida xizmat safarida bo‘lib turgan Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xodimi Otabek Eshmamatov bilan ham bog‘landik. Uning aytishicha, shaxmat federatsiyasidagi bu holat tashkilotda o‘tkazilayotgan taftish ishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

«Federatsiya xodimlariga oylik-maoshlar berilmayotganidan xabarim bor. Menimcha, bu tashkilotning avvalgi rahbariyati faoliyatini taftish qilish maqsadida oyliklar muzlatib qo‘yilgani bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Holat yana qo‘shimcha o‘rganiladi», dedi u.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasida shtat jadvali bo‘yicha o‘n nafar mutaxassis o‘rni ajratilgan. Surishtiruv davomida ma'lum bo‘lishicha, deyarli bir yildan buyon oylik-maoshsiz ishlayotgan bir necha mutaxassislar tashkilotni tark etib ham boshlagan.

Umid qilamizki, soha va uning rivojiga mas'ul shaxs hamda homiy tashkilotlar O‘zbekiston shaxmat federatsiyasida hukm surayotgan og‘ir holatga yechim topishadi. Tashkilotda shundoq ham uncha katta bo‘lmagan maoshga ishlayotgan xodimlar bilan esa qonuniy hisob-kitoblar to‘la qilinishi shart.

Ilyos Safarov, Kun.uz muxbiri.

Top