15:15 / 23.07.2021
10186
Sodiq Safoyevga Diplomatiya universiteti rektori vazifasini bajarish yuklatildi 

Sodiq Safoyev 2005 yilda ham mazkur universitetning rektori vazifasida faoliyat yuritgan.

Senat raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori vazifasini bajarish yuklatildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 23 iyul kuni hukumatning bu haqdagi 456-son tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Solihovich Safoyev Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori vazifasini bajaradigan bo‘ldi.

Sodiq Safoyev 1954 yil 3 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1976 yil Toshkent davlat universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, ushbu muassasada o‘qituvchilikdan mehnat faoliyatini boshlagan.

S.Safoyev faoliyati davomida O‘zbekiston prezidenti devonining xalqaro iqtisodiy aloqalar bo‘limida yetakchi konsultant, bo‘lim mudiri, tashqi ishlar vaziri, bir qator xorijiy davlatlarda mamlakatning favqulodda va muxtor elchisi, prezidentning davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi, Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. 

U 2015 yildan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari sanaladi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning 17 sentyabridan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan Komiljon Karimov joriy yil iyun oyi oxirlarida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Top