22:47 / 23.07.2021
15688

Xitoy yetakchisi 30 yil ichida ilk bor Tibetga tashrif buyurdi

Xitoy raisi Si Tszinpin 21-22 iyulda Tibetga e'lon qilinmagan tashrif bilan keldi. Xitoy OAV bu haqda tashrif yakunlangandan keyingina ma'lum qilgan.

Foto: AFP

The Guardian nashrining xabar berishicha, bungacha Xitoyning birinchi shaxslari ushbu muammoli muxtoriyatga 30 yildan ko‘proq vaqt tashrif buyurishmagan. Tibetga Xitoy yetakchilaridan oxirgi bo‘lib Tszyan Tszemin 1990 yilda tashrif buyurgan.

Ta'kidlanishicha, Si Tszinpin Tibetga 1998 yilda Futszyan provinsiyasi rahbari va 2011 yilda Xitoy yetakchisi o‘rinbosari bo‘lganda kelgan.

Xitoy raisi safari davomida dastlab Linchji (Ningchi) shahriga tashrif buyurgan. So‘ngra u provinsiya poytaxti Lxasaga Tibetni Sichuan provinsiyasi bilan bog‘lovchi tezyurar temir yo‘lda borgan. Si Tszinpin Lxasada davlat muhofazasi ostida bo‘lgan diniy-madaniy obektlar – Dalay-lamaning tarixiy qarorgohi - Potala saroyi va buddaviylar ibodatxonasiga tashrif buyurgan. Xitoy rahbari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi korxonasi va shaharsozlik muzeyida bo‘lgan.

Tibet himoyasi uchun xalqaro kampaniya huquqni himoyalash tashkiloti Si Tszinpinning Tibetga kelishi arafasida va tashrifi davomida provinsiyada kuchaytirilgan xavfsizlik rejimi joriy qilingani va barcha shubhali shaxslar tekshirilganini ma'lum qilgan.

OAVda ta'kidlanishicha, Si Tszinpinning muxtoriyatga tashrifi Xitoyning Tibet ustidan nazorat o‘rnatishiga olib kelgan kelishuvning 70 yilligi munosabati bilan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu tashrif Pekinning Tibet bilan bahsli chegaraga ega Hindiston bilan munosabatlari yomonlashgani ortida o‘tgan.

Ta'kidlanishicha, Xitoy rahbarining Tibetga tashrifi “yashirincha” tashkillashtirilgani va u davlat OAVda bevosita yoritilmagani muxtoriyat hali ham Pekin uchun “qaltis masala” bo‘lib qolayotganidan darak beradi.

Top