13:44 / 24.07.2021
14525

Bir viloyatda o‘n minglab «stolba» avariya holatida. Simyog‘ochlar monopoliyasi tizimning «sehrli tayoqchasi»mi?

Bugungi kunda O‘zbekistonda elektr energiyasini sifatli tarzda aholiga yetkazib berish eng og‘riqli masalalardan biri ekani shubhasiz. Umuman, yillar ortidan yillar o‘tyaptiki, tizimdan aholi rozi bo‘lmayapti, mo‘'tadillik yo‘q. Sohada aholi va biznes vakillarining eng oddiy ehtiyojlarini-da qondirib bera oladigan darajadagi jiddiy islohot kuzatilmadi. Kun.uz elektr energiyasi ta'minotidagi muammolarga sabab bo‘layotgan muammolarning bir bo‘lagi bo‘lgan – simyog‘ochlar masalasiga Samarqand viloyati misolida e'tibor qaratdi.

Afsuski, mamlakatda elektr energiyasini ishlab chiqarish yoki sotib olishdan tashqari, uni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar ham talaygina. Xususan, aholi elektr energiyasidan ko‘proq foydalana boshlasa, uzilish ko‘payadi va soha mutasaddilaridan ko‘pincha bir xil javob keladi: «Transformatorlar va simyog‘ochlar o‘tgan asrning o‘rtalarida o‘rnatilgan. Katta bosimni ko‘tara olmayapti».

Go‘yoki shu javob bilan biror-bir xonadonga yorug‘lik kirib boradigandek.

Tizim yangilanmagan bo‘lsa, iste'molchida nima ayb? Aholi ko‘payayotgan bo‘lsa, iste'molchida nima ayb? Bu haqda kim o‘ylashi kerak? Tizim tepasidagilarmi yoki aholi?

Darvoqe, Kun.uz’ga bo‘ladigan murojaatlarning aksariyati simyog‘ochlar va transformatorlarning yetishmasligi bilan bog‘liq ekani ham sir emas.

Yaqinda Forish tumani elektr korxonasi rahbari bir yilda tumanga 100-150tagacha simyog‘och ajratilishini ma'lum qilgandi. Tuman hududida jami 4000ta simyog‘ochlar ta'mirtalab ekan. Bu degani, Forishdagi simyog‘ochlar to‘liq soz holatga kelgunicha yana 25 marta qovun pishadi!

Misol uchun, «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati bergan ma'lumotga ko‘ra, viloyatda jami 565 mingdan ortiq simyog‘och mavjud bo‘lib, shundan 245 mingtasi eski, yog‘och ustunlar bo‘lsa, 60825tasi avariya holatida, ya'ni almashtirilishi kerak.

Hozirgi vaqtda Samarqand viloyatining Xishrav qo‘rg‘onida bitta ­- «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ temir-beton tayanchlar ishlab chiqarish sexi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bir sutkada 60ta, bir yilda 16 mingga yaqin temir-beton tayanchlar ishlab chiqarilishi ma'lum qilindi.

Bundan tashqari, «O‘zqishloqelektrqurilish» AJga qarashli Qamashi temir-beton ustunlari ishlab chiqarish zavodi tomonidan ham Samarqandga simyog‘ochlar yetkazib berilayotgan ekan.

Shu o‘rinda bir tahlil. Samarqand viloyati bo‘yicha 2021 yilda 5025 dona temir-beton ustunlari yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Xususan, joriy yilda Urgut tumaniga 2197 dona temir-beton ustunlari o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 777 dona temir-beton ustunlari ajratilgan.

E'tibor bering, viloyat miqyosida 60 825ta simyog‘och avariya holatida, 245 mingtasi yog‘och ustunlar. Demak, avariya holatidagi simyog‘ochlarni yangilab chiqish uchun ham o‘n yillar kerak.

Joriy yilning o‘tgan olti oy davomida Urgut tumaniga belgilangan temir-beton ustunlarni yetkazib berish rejasi 30 foiz atrofida bajarilganini hisobga olsak, vaziyatni tasavvur qilish qiyin emas. Kelgusi olti oyda qolgan 1420ta simyog‘och Urgutga yetib borarmikan yoki kelgusi yillar dasturlariga qolib ketarmikan?

Samarqand viloyatida qolgan 180 mingta yog‘och ustunlarni yangilash haqida-ku hali gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Qiziq, mamlakatda elektr energiyasini aholiga muntazam yetkazish, sohada sifatni oshirish haqida gapirilyapti-yu hali oddiygina simyog‘och muammosi hal etilgani yo‘q. Shu ketishda bo‘lsa, yaqin o‘n yillarda ham simyog‘och muammosi hal bo‘lmasligi aniq.

Talabga javob beradigan transformatorlar bilan butun mamlakatni to‘liq ta'minlash bu kamida Marsga uchishdek gap!

Xo‘p, nega butun boshli viloyat bo‘yicha temir-beton ustunlar ishlab chiqaradigan korxona bitta bo‘lishi kerak? Bu matohni ishlab chiqarish shunchalik murakkabmiki, tadbirkorlar qo‘liga o‘tishi mumkin bo‘lmasa? O‘n-yigirma yillik muammolar, odamlarning kayfiyatini buzayotgan, norozi qilayotgan sohani nahotki bir-ikki yilda bartaraf etishning imkoni yo‘q? Oydinlashadiki, bu borada ham MONOPOLIYa bor. Tadbirkor bu sohaga yaqinlasholmaydi.

Tadbirkorlar bu sohaga yaqinlashmasligining o‘ziga yarasha sabablari bor. 2020 yil 28 fevralda Vazirlar Mahkamasining «Tadbirkorlik sub'yektlarini elektr tarmoqlariga ulash tartibini soddalashtirish va biznes muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Mazkur qarorda iqtisodiy samaradorlikni baholagan holda «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining hududiy elektr tarmoqlari tashkilotlari tarkibida 2020 yilda temir-beton tayanchlari, metall va beton mahsulotlarini ishlab chiqarish sexlari va qurilish bo‘linmalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Xususan, «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati ham Xishrav qo‘rg‘onidagi sex yuqoridagi qaror asosida faoliyat ko‘rsatayotganini ma'lum qilgan.

Xo‘sh, butun boshli sanoati rivojlangan katta bir viloyatda temir-beton ustunlari ishlab chiqaradigan korxona nega bitta? Sabab, «Tadbirkorlik sub'yektlarini elektr tarmoqlariga ulash tartibini soddalashtirish va biznes muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror boshqa istalgan tadbirkorlik sub'yektiga bu ish bilan shug‘ullanish vakolatini bermaydi. Natijada, butun mamlakatda simyog‘och muammosi sanoqli korxonalarning monopoliyasi sabab yashashda davom etadi.

Xulosa shunday: yoki mamlakatda elektr energiyasiga mas'ullar sun'iy tarzda simyog‘och muammosini yuzaga keltirish orqali uzilishlarni «stolba»larga bog‘lab qo‘yishyapti, yoki bo‘lmasa «stolbalar» savdosidan, butun boshli viloyatlar, tumanlarda talabning ortib borayotganidan manfaatdor kimsalar bor.

Xulosa qilish har kimning o‘ziga. Chuqur tahlil va jo‘yali javobni soha mutaxassislariga qoldiramiz.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top