10:48 / 24.07.2021
7718

Rossiyalik sportchi yozgi olimpiya o‘yinlarida hushidan ketdi

Rossiyalik Svetlana Gomboyeva Tokioda bo‘lib o‘tayotgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining kamondan o‘q otish bo‘yicha saralash bahslarida qatnashayotgan vaqtida hushini yo‘qotgan.

Hodisa 23 iyul, juma kuni sodir bo‘lgan. E'tiborlisi, hushini yo‘qotgan sportchiga AQSh, Italiya va Buyuk Britaniya terma jamoalarining shifokorlari birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishgan.

Kamondan o‘q otish bo‘yicha Rossiya milliy murabbiyi Stanislav Popov RIA Novostiga rossiyalik sportchiga birinchi yordam ko‘rsatilganidan so‘ng yaponiyalik shifokorlar uni olib ketishganini ma'lum qilgan.

“Svetlana Gomboyeva saralash bosqichi bahslari yakunlanganidan so‘ng hushini yo‘qotdi va yiqildi. Svetlanaga birinchi bo‘lib boshqa jamoalar – Italiya, Buyuk Britaniya va AQSh shifokorlari yordamga shoshilishdi. Unga birinchi yordam ko‘rsatildi, shundan so‘ng mahalliy shifokorlar uni olib ketishdi. Umid qilamizki, hammasi yaxshi bo‘ladi. Kun bo‘yi issiqda bo‘lgani uchun u buni ko‘tara olmadi, deb o‘ylayman. Bunaqasi faoliyatimda birinchi marta yuz berishi. Biz Olipiadagacha mashg‘ulotlar olib borgan Vladivostokdaning ob-havosi Yaponiyanikiga o‘xshash edi”, – deya Stanislav Popovning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Rossiya Olimpiya qo‘mitasi.

Rossiya milliy terma jamoasining yana bir sportchisi Kseniya Perova jamoadoshi hushiga kelganini ma'lum qildi.

«Sveta bilan hammasi joyida. Shifokorlar uni ko‘rikdan o‘tkazishdi, ichish uchun suv berishdi. Aytishdiki, bu – oddiy oftob urishi. Bunday paytda uyga qaytish va uxlab olish kerak ekan. Unga allaqachon javob berishgan, hozir biz birgalikda olimpiya shaharchasiga qaytyapmiz. Sveta biz bilan va u o‘zini yaxshi his qilmoqda. Jamoaviy bahslarda u safimizda bo‘ladi», deb yozgan Kseniya Petrova.

Eslatib o‘tamiz, xuddi shunga o‘xshash voqea yaqinda poyoniga yetgan futbol bo‘yicha «Yevro-2020» bahslarida ham kuzatilgandi. Yevropa chempionati 1-turidan o‘rin olgan Finlandiyaga qarshi uchrashuv vaqtida Daniya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Kristian Eriksen maydonda hushini yo‘qotgandi. Hayot alomatlarini yo‘qotgan, yuraklari urishdan to‘xtagan futbolchi mo‘jiza tufayli omon qolgandi.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Top