14:16 / 24.07.2021
10918

Toshkent konferensiyasidan real natijalar kutish o‘rinlimi? Furqat Siddiqov bilan suhbat

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Siddiqov O‘zbekiston o‘z hududiga xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik pozitsiyasida qat'iy qolishini ta'kidladi.

Foto: TIV axborot xizmati

15-16 iyul kunlari Toshkentda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Kun.uz O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Siddiqovga ushbu xalqaro anjumanning ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar borasida savollar bilan murojaat qildi.

- Ma'lum sabablarga ko‘ra ajralib qolgan Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligini jonlantirish bo‘yicha xalqaro anjumanlar avval ham o‘tkazilganmi? Toshkent konferensiyasining ulardan farqlari nimalarda bo‘ldi?

- Bugun dunyoda global geosiyosiy transformatsiyalar davri hukm surmoqda. Bu esa turli tahdidlar bilan bir qatorda ulkan imkoniyatlar ham taqdim etmoqda. Bu jarayonlarda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi faol hamkorlik aloqalarining qayta tiklanishi obektiv jarayonga aylanmoqda.

Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda 15-16 iyul kunlari o‘tkazilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi yuqori darajadagi konferensiya mintaqamiz hayotidagi va xalqaro ko‘lamdagi muhim voqea bo‘ldi.

Shakl va mazmun mohiyati jihatidan birinchi marta tashkil etilgan mazkur anjumanda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston bosh vaziri Imron Xon, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari hamda boshqa qator mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, 44 davlat va 30ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etgani ham forum ahamiyati naqadar dolzarb ekanini ifodalaydi.

Yana bir muhim jihatga e'tibor qaratishni istardim. Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Bangladesh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining Toshkent xalqaro konferensiyasidagi ishtiroki islom dunyosi yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoniga katta qiziqish bilan munosabatda bo‘layotgani, davlatimiz rahbarining xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotgani ifodasidir.

Ma'lumki, Markaziy va Janubiy Osiyo tarixan bir biri bilan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-tsivilizatsion o‘lchovlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan mintaqalardir. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu ikki ulkan hudud asrlar davomida xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi faol muloqotga salmoqli hissa qo‘shgan. Afsuski, XIX asrda tarixiy voqealar tufayli ikki qo‘shni mintaqaning o‘zaro aloqalariga putur yetgan.

O‘zbekiston prezidenti konferensiyaning ochilish marosimida ta'kidlaganidek, ikki mintaqa xalqlarining ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-ma'rifiy merosi hamda iqtisodiyotlarimizning o‘zaro bir-birini to‘ldirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mavjud intellektual salohiyatni, birgalikdagi sa'y-harakatlarimizni o‘zaro muvofiqlashtirish vaqti keldi.

Davlatimiz rahbari «Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari birgalikda farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamin yaratishi»ni qayd etdi.

Ikki mintaqa hamkorligini jonlantirish bo‘yicha xalqaro anjumanlarni o‘tkazish masalasiga kelsak, o‘z mazmun-mohiyati va xalqaro ahamiyatidan kelib chiqqan holda Toshkent forumi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi, deyishga to‘liq asosimiz bor.

Anjumanning miqyosi nihoyatda keng va yuqori darajada bo‘ldi. Unda Afg‘oniston va Pokiston yetakchilari ishtirok etgani, ko‘plab davlatlar, jumladan, ikki mintaqa mamlakatlari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari faol qatnashgani, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan istiqbolli fikrlar bildirilgani ham bundan dalolat berib turibdi.

Shu o‘rinda men Pokiston bosh vaziri Imron Xonning rasmiy tashrifi yakunlariga ham e'tibor qaratmoqchiman. Zero, mazkur siyosiy voqea davlatimiz rahbarining mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbusi naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatib turibdi.

Muzokaralar yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Imron Xon O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Tranzit va savdo, ishbilarmon doiralar vakillari va sayyohlik guruhlari uchun viza tartiblarini soddalashtirish to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar imzolandi. Shuningdek, Mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy ta'lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida protokol, 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan Madaniy almashuv dasturi, turizm masalalari bo‘yicha anglashuv memorandumi, davlat chegarasidan olib o‘tilayotgan tovarlar va transport vositalari haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risida bayonnoma, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Pokiston diplomatik xizmat akademiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi, O‘zbekiston – Pokiston ishbilarmonlar kengashini tuzish to‘g‘risida bitim tasdiqlandi.

E'tiborlisi, tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya majlisi hamda O‘zbekiston – Pokiston biznes forumida qiymati 500 million dollardan ziyod shartnomalar imzolangani ma'lum qilindi.

Bularning barchasi ikki mintaqa davlatlari va xalqlari o‘rtasidagi zamonaviy munosabatlar yangi mazmun kasb etayotganidan dalolat bermoqda.

- Afg‘onistonni kutayotgan kelajak mavhum ekanini inobatga olsak, konferensiyadan real natijalar kutish o‘rinlimi?

- Haqiqatan ham, Afg‘oniston kelajagi AQSh va NATO kuchlarining mamlakatdan to‘liq olib chiqilganidan keyin ushbu mamlakatdagi vaziyatning qay yo‘sinda rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Afg‘onistonning keyingi 20 yillik tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘tgan davr mobaynida ushbu mamlakatda keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Endilikda esa, mamlakat hayotida erishilgan barcha yutuqlarni saqlab qolish va yanada rivojlantirish zarur deb, hisoblaymiz.

Bugungi murakkab vaziyatda dunyo hamjamiyatining asosiy diqqati ichki afg‘on kuchlari o‘rtasida tinchlik muzokaralarining muvaffaqiyatli davom etishi va imkon qadar qisqa muddatlarda o‘zaro kelishuvga erishish zarurligiga qaratilgan.

Muzokaralar o‘zaro kurashayotgan tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va umummilliy tinchlik shartnomasini imzolashga yordam beradi deya, umid bildiramiz. Afg‘on mojarosini harbiy yo‘l bilan hal etish imkoni yo‘q, buni tarixning o‘zi isbotlab berdi.

Mamlakatimiz rahbariyati Afg‘onistondagi inqirozli vaziyatni faqat tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish, mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalar va kuchlarni o‘z xalqining kelajagi uchun birlashtirish, afg‘onlararo tinchlik jarayoniga barcha ichki siyosiy guruhlarni jalb qilish lozimligiga alohida urg‘u bermoqda. 

Biz, ushbu davlatda tinchlik o‘rnatilishi uchun lozim bo‘lgan asosiy tamoyilga sodiq qolamiz, ya'ni mamlakatda barqaror tinchlik o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan siyosiy jarayonlar faqat afg‘onlarning o‘zlari tomonidan va Afg‘oniston xalqi rahbarligida, ya'ni «Afghan own, afghan led» shiori ostida amalga oshirilishi zarur.

Shu ma'noda, Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya Afg‘onistonda uzil-kesil tinchlikni qaror toptirishga yo‘naltirilgan navbatdagi muhim qadam bo‘ldi desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

Chunki anjumanda Afg‘oniston va Pokiston rahbariyati, qator davlatlar tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, nufuzli banklar boshqaruv hay'ati a'zolari, dunyoning yetakchi tadqiqot va tahliliy markazlarining vakillari so‘zga chiqib, Afg‘onistondagi vaziyat va uning yechimini topish bo‘yicha qimmatli fikrlarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari xalqaro konferensiyadagi nutqida Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini amalda ta'minlashning muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanishiga alohida e'tibor qaratib, ikki mintaqa o‘rtasidagi sheriklik ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, uning iqtisodiy tiklanishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Afg‘on zaminida barqaror tinchlik o‘rnatish bo‘yicha mintaqa doirasida va xalqaro maydonda yagona yondashuvni shakllantirish, Afg‘onistonning jug‘rofiy joylashuvini uning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiluvchi omilga aylantirish, mintaqada o‘zaro ishonch muhitini tiklash, transport-tranzit salohiyatini yuksaltirish hamda mushtarak infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish konferensiyaning asosiy maqsadlaridan biri bo‘ldi.

Mazkur anjuman davlatimiz rahbari tomonidan afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etish, uning milliy iqtisodiyotini tiklash yo‘lida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarning mantiqiy davomidir.

Konferensiyada Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatilishidan manfaatdor bo‘lgan barcha davlatlar vakillari uchun o‘zaro muloqotlar o‘tkazish makoni yaratildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaning Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga nisbatan roli muhim bo‘lganini ta'kidlash joizdir.

- Agar Afg‘oniston hududida haqiqiy qurolli mojaro boshlansa ham, O‘zbekiston o‘z hududiga xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik pozitsiyasida qoladimi?

- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Tashqi siyosat konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasi ushbu savolga aniq va ravshan javob beradi.

O‘zbekiston mudofaa doktrinasining 10-bandida shunday deyilgan:

«O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati quyidagi prinsiplarga asoslangan: o‘z hududida chet el harbiy bazalari va obektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik; Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi».

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston o‘z hududiga xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik pozitsiyasida qat'iy qoladi.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Mavzu
Toshkent konferensiyasi
15-16 iyul kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Barchasi
Top