10:38 / 25.07.2021
22378

Nima uchun koronavirus hammaga birdaniga yuqmaydi? –  mutaxassis izohi

Koronavirus dunyo ahlini birdek larzaga soldi. Yaqin bir yil ichida u o‘zining turi va qiyofasini necha marotaba o‘zgartirib, necha marotaba yangidan yangi izlanishlarga sabab bo‘ldi.

Pandemiya, kasallikning yuqish yo‘llari, himoyalanish, emlanish va davolash usullari bo‘yicha to‘plangan savollarga Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova javob berdi.

Nima uchun kasallik hammaga birdaniga yuqmaydi?

Tasavvur qiling, to‘y yoki ma'rakaga bordingiz, mehmonlar orasida aniq bemor bo‘lganlar yoki o‘zining bemorligini bilmaydiganlar (kasallikning yashirin davri) bo‘lishi va barcha mehmonlar ular bilan muloqotda (ko‘rishish, so‘zlashish, uzoq vaqt kichik xonada to‘planish) bo‘lishi mumkin, lekin kasallik bemordan faqat bir necha odamga yuqishi mumkin. Ular kimlar?

  • surunkali kasalliklari bo‘lganlar;
  • nosog‘lom turmush tarzi yuritadiganlar;
  • gigiyena qoidalariga rioya qilmaydiganlar;
  • dorilardan oqilona foydalanmaydiganlar.

Har qanday bemor bilan muloqotda bo‘lgandan keyin yoki buning ehtimoli bo‘lganda ehtiyot chorasini ko‘rgan, ya'ni ijtimoiy masofa saqlagan, niqob taqqan, qo‘llarini tez-tez yuvib turganlar, shuningdek, yozning issiq kunlariga qaramay juda sovuq suv va ichimliklarni birdaniga ichishdan tiyilgan, konditsionerdan oqilona foydalanganlarga kasallik yuqmasligi mumkin.

Chunki elementar gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, nosog‘lom turmush tarzi, ayniqsa, noto‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy nofaollik, zararli odatlarga qaramlik va dori-darmonlardan oqilona foydalanmaslik organizmni kasallikka moyil qilib qo‘yadi.

Dori-darmonlar, ayniqsa antibiotiklardan oqilona foydalanmaslik, uni shifokor ko‘rsatmasisiz, pala-partish qabul qilish ichaklar funksiyasini buzadi, ya'ni me'yorda bo‘lishi kerak bo‘lgan mikroorganizmlarni o‘ldirib, disbakterioz holatini chaqiradi. Buning oqibatida organizmning kasalliklarga qarshilik kuchi (immunitet) pasayadi hamda organizm antibiotiklarga turg‘un holatga keladi, ya'ni uning antibiotiklarga sezuvchanligi buzilib, ta'siri keskin kamayadi.

Agar sog‘lom bo‘lishni, turli kasalliklardan forig‘ bo‘lishni istasangiz, har kuni:

  • 2 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suv iste'mol qiling (1 porsiya - 1 stakan);
  • 400 grammdan kam bo‘lmagan miqdorda meva va sabzavot iste'mol qiling;
  • yog‘li, qovurilgan, tuz va shakar miqdori ko‘p bo‘lgan, xamirli taomlardan vaqtincha voz keching;
  • har bir taom bilan qatiq va ko‘katlar iste'mol qilishga odatlaning;
  • qo‘llaringizni tez-tez sovunlab yuvib turing, kamida 1 mahal dush qabul qiling;
  • 10 daqiqa ertalabki badantarbiya, kechqurungi ovqatdan keyingi 30 daqiqalik sayr va kun davomidagi jismoniy faollikni unutmang;
  • dori-darmonlarni faqat shifokor tavsiyasiga ko‘ra qabul qiling, bunda dorining belgilangan dozasi va qabul muddatiga rioya qiling!

– Kasallik belgilari bo‘lsa-yu, testda manfiy natija qayd etilsa nima qilish kerak?

Har qanday kasallik belgilari paydo bo‘lishi bilan, albatta, siz oilaviy shifokoringizga murojaat qilishingiz kerak. Davo muolajalarini bilganimizcha emas, balki shifokor tavsiyasiga ko‘ra olishimiz zarur. Surunkali kasalligi bor bemorlarda kasallik tez rivojlanishi, asoratli kechishi mumkin. Kasallikning vaqtincha chekingani bu batamom tuzalish degani emas. Shuning uchun darhol oilaviy poliklinikangizga qo‘ng‘iroq qilib, uyga shifokorni taklif qiling.

– Homiladorlikka tayyorlanish vaqtida vaksina olish mumkinmi?

– Ilmiy asoslanmagan ma'lumotlarni qabul qilmang. Oilaviy shifokoringiz va akusher-ginekolog bilan maslahatlashing. Sog‘lom farzandni dunyoga keltirish uchun ona albatta sog‘lom, turli stress holatlaridan xoli, eng asosiysi, xotirjam bo‘lishi kerak. Xavotir va vahimaning o‘zi yarim kasallik ekanligini unutmang. 2020 yil va 2021 yilning o‘tgan davrida mamlakatimizda koronavirusga chalingan homiladorlar orasida koronavirus bilan tug‘ilgan chaqaloqlar tug‘ilishi qayd qilinmagan.

Homiladorlikka tayyorlanayotgan ayollarga maslahatlar:

  • gigiyenik tartiblarga amal qilish;
  • koronavirus alomatlari kuzatilayotgan shaxslar bilan muloqotni cheklash;
  • zarurat bo‘lmaganda jamoat transportidan foydalanmaslik, iloji boricha odam gavjum bo‘ladigan joylarga bormaslik;
  • to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faol bo‘lish, har kuni toza havoda sayr;
  • ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘ngilni xira qiladigan ma'lumot, stressga undovchi filmlardan voz kechish va doimo pozitiv bo‘lish.

– Ko‘p tugunchali qalqonsimon bez mavjud va qandli diabetga moyilligi bor bemorlar vaksina olishi mumkinmi?

– Bunday bemorlar endokrinolog shifokor qabulida bo‘lib, ko‘rikdan o‘tishlari kerak. Kasallikning qanday davri kechayotganligini aniqlash, shifokor tavsiyalarini olish lozim. Qarshi ko‘rsatmalar aniqlanmagan taqdirdagina vaksina olish mumkin.

– Koronavirusga test topshirish pullikmi? Nogironligi bor bemorlarga imtiyozlar bormi?

– Epidemiologik ko‘rsatmalarga ko‘ra kasallik gumon qilingan shaxslarga PZR usulida koronavirusga tahlil topshirish yashash joylardagi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik xizmati muassasalarida bepul amalga oshiriladi. Shuningdek, shoshilinch ko‘rsatmalarga ko‘ra shifoxonaga yotayotgan bemorlar, homiladorlar, yosh bolalar muassasaning o‘zida ekspress testdan o‘tkaziladi. Bunday ekspress testlar maxsus kovid markazlari va kovid-poliklinikalarida ham mavjud. Eslatib o‘tamiz, har qanday tibbiy muolaja va tekshiruv bemor xohishi bo‘lganligi uchun emas, shifokor ko‘rsatmasiga muvofiq o‘tkazilishi kerak.

– Koronavirusdan tuzalish jarayonida kasallikni qayta yuqtirib olish mumkinmi?

– Olimlarning fikricha, koronavirusning bir shtammi bilan kasallangan inson uning boshqa shtammi bilan kasallanishi mumkin. Yoki kasallikdan to‘liq forig‘ bo‘lmasdan turib, ayrim simptomlar yengillashgan davrda davolanishni to‘xtatib qo‘yish oqibatida kasallik asorat sifatida qaytalanishi mumkin. Shuning uchun kasallikni davolashda shifokor tavsiya qilgan dorilarni tavsiya qilgan vaqt va muddatlarda to‘liq qabul qilish kerak.

Abror ZOHIDOV suhbatlashdi.

Top