10:29 / 27.07.2021
14810

Bayden AQShning Iroqdagi jangovar missiyasi tugaganini ma'lum qildi 

Harbiylarning bir qismi yil oxirigacha Iroqni tark etishi kerak.

Foto: AP

AQSh Iroqdagi jangovar missiyasini 2021 yil oxirigacha yakunlaydi, deya ma'lum qildi prezident Jo Bayden Iroq bosh vaziri Mustafo al Qadimiy bilan muzokaralardan so‘ng. Bu haqda «RBK» yozmoqda.

«Menimcha, ishlar yaxshi ketmoqda. Bizning Iroqdagi rolimiz - harbiy xizmatchilarni IShIDga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitishni davom ettirish, ularga yordam berish. Ammo jangovar missiya yil oxirigacha yakunlanadi», dedi Bayden. 

Uning ta'kidlashicha, Vashington Iroqda demokratiyaning mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatda oktyabr oyida parlament saylovlari bo‘lib o‘tishini xohlaydi (bu jarayon oldinroq bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo yanvargacha qoldirildi). Prezident AQShning xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikka sodiqligini tasdiqladi. 

Hozir Iroqda 2 500 nafar amerikalik harbiy bor. Biroq, rasmiylar bu raqam yil oxirigacha qanday o‘zgarishini hali oshkor qilmadi.

Iroqqa endi IShIDga qarshi kurashish uchun AQSh armiyasi kerak emas, dedi al Qadimiy Bayden bilan muzokaralar oldidan Associated Press'ga bergan intervyusida. Unga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari va Iroq armiyasi koalitsiya qo‘shinlarisiz mamlakatni himoya qilishga qodir. Al Qadimiy ta'kidlashicha, Iroq harbiylari buni o‘tgan yili terrorchilarga qarshi mustaqil operatsiyalar o‘tkazish orqali isbotladi. 

AQSh prezidenti va Iroq bosh vaziri harbiy missiya tugaganini e'lon qilishga tayyorlanayotgani haqida Associated Press dushanba kuni o‘z manbalariga tayanib yozgandi. Agentlik suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Vashington va Bag‘dod bunga aprel oyida kelishgan, ammo o‘shanda qo‘shinlarni olib chiqish jadvali tasdiqlanmagan.

AQShning Iroqdagi harbiy missiyasi 2003 yilda boshlangan. Vashington Saddam Husayn hukumati ommaviy qirg‘in qurollari ishlab chiqayotganini taxmin qilib, mamlakatga qo‘shin kiritgan.

2011 yilda harbiylar mamlakatdan olib chiqilgan, ammo 2014 yilda qo‘shni Suriyadagi fuqarolar urushi va IShID kuchaygani sharoitida kontingent qaytarilgan. 

Avvalroq, AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqish muddatini e'lon qilgandi. Harbiylar avgust oyining boshlariga qadar mamlakatdan chiqib ketishi kerak. Askarlarning keng miqyosda olib chiqilishi boshlangandan so‘ng, «Tolibon» harakati hukumat kuchlariga qarshi hujumlarini kuchaytirib, mamlakat hududining katta qismini egallab oldi. 

Top