09:21 / 28.07.2021
8211

Afg‘onistonda “Tolibon” foydasiga tashviqot olib borishda ayblangan 4 jurnalist hibsga olindi 

Foto: Getty Images

Afg‘onistonning Kandahor viloyatida “Tolibon” egallagan hududga tashrif buyurgan 4 jurnalist huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hibsga olindi. Bu haqda ArianaNews nashri xabar berdi.

Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, “Millat chog‘” radiostansiyasining 3 muxbiri va “Sinxua” axborot agentligi operatori toliblar egallagan Spin-Bo‘ldak tumaniga tashrif buyurgan.  

“Jurnalistlar “Tolibon” foydasiga tashviqot olib borgani uchun qo‘lga olindi”, deb ma'lum qilgan vazirlik vakili Mirvois Stonakzoy. 

Uning ta'kidlashicha, Afg‘onistonda so‘z erkinligiga amal qilinadi, biroq “dushman va terrorchilar foydasiga hamda Afg‘oniston manfaatlariga qarshi tashviqot olib boruvchi har qanday kishi qonunbuzar hisoblanadi”.

Ayni vaqtda jurnalistlarga nisbatan tergov olib borilmoqda.

Amnesty International huquqni himoyalash tashkiloti jurnalistlarning hibsga olinishi yuzasidan xavotir bildirib, ularni ozod qilishga chaqirgan.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top