14:05 / 28.07.2021
940
Surxondaryoda mashinasini qarz evaziga «zalog»ga qoldirgan yigit uni o‘g‘irlab ketishgani haqida 102ga yolg‘on xabar berdi

Surxondaryo viloyati Angor tumanida mashinasini qarzi evaziga boshqa bir fuqaroning uyida «zalog»ga qoldirgan yigit uni o‘g‘irlab ketishgani haqida 102ga yolg‘on xabar bergan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

2021 yil 23 iyun kuni Muzrabot tumani Chegarachi mahallasida yashovchi, X.Samandar 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Angor tumani hududidagi Jarqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarini bog‘lovchi chorrahada, o‘z boshqaruvidagi Spark mashinasini o‘g‘irlab ketishgani haqida xabar bergan. U navbatchiga mashinasini yo‘l chetiga qo‘yib, qarindoshining uyiga kirib chiqqan vaqtida, Spark joyida yo‘qligini aytgan. Bundan tashqari, Spark ichida 2 ming AQSh dollari pullari ham borligini bildirib mashinasini topib berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

X.Samandarning ushbu murojaati asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari jarayonida, X.Samandar Spark olib qochilgani to‘g‘risida yolg‘on xabar bergani, mashinani tanishi E.Fazliddindan qarz sifatida olgan 5 ming dollar evaziga uning uyida qoldirgani aniqlangan. Dastlabki surishtiruvda, u pullarni 23 iyun kuni olib borib berib, keyin Spark’ni olib ketishini aytib, mashinani E.Fazliddinga o‘zi berib yuborgani ma'lum bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, ichki ishlar organlariga qo‘ng‘iroq qilib, yolg‘on xabar bergan X.Samandarga nisbatan 21 iyul kuni Jinoyat kodeksining 237-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top