19:26 / 29.07.2021
9316
Fotih Sulton Mehmetni lol qoldirgan maskan: «Dunyoning qalbi» – Amasra

Anqara universitetidagi darslardan bo‘sh vaqtlarimda Turkiyaning turli joylariga sayohat qilishni maqsad qilgandim. Tanishlar bilan kelishib, Amasraga borishga qaror qildik. UzbekLife uchun ushbu go‘zal shahardan fotoreportaj tayyorladim.

Foto: Getty Images

Anqarada turli joylarga sayohat tashkil qiladigan tur agentliklari juda ko‘p. Biz ham ulardan biri orqali borishga qaror qildik. 150 lira bizning pulda 170-180 ming so‘mga bir kunlik sayohatlarga chiqish mumkin. Bu mablag‘ borish-kelish xarajatlari, nonushta, gidlik xizmatini qamrab oladi.

Ertalab 7:30 da yo‘lga chiqdik. Anqara shahri va atrofidagi hududlar quruq havosi va tabiati tufayli O‘zbekiston shaharlariga o‘xshash. Ammo 2 soat yurgandan keyin atrof keskin o‘zgarib, o‘rmonlar boshlandi.

Yo‘llar bir tekis. Soat 13:00 da Amasraga yetib bordik. Vaqtimiz oz bo‘lganligi sababli shahar ichi va dengiz qirg‘oqlarini aylandik.

Amasra «yoqimli va go‘zal», «gullar qal'asi» deya ta'riflangan. Usmoniylarning buyuk sultoni Fotih Sulton Mehmet tarafidan esa «Chashmi Jahon», ya'ni «Dunyoning ko‘zi, dunyoning qalbi» sifatiga loyiq ko‘rilgan. 1940 yildan turizm faoliyatini boshlagan shahar bugun ham ko‘plab turistlarni o‘ziga jalb etmoqda.

Amasra tarixan finikiyaliklar, forslar, makedonlar, rimliklar qo‘nim topgan maskan hisoblangan. Usmoniylarga qo‘shilish tarixi 1460 yillarga borib taqaladi. Amasrani ilk ko‘rishda maftun bo‘lgan Fotih Sulton Mehmet otalig‘idan «Chashmi Jahon» (dunyoning ko‘zi) bumi?” deb so‘raydi. Va bu joyni urush qilmasdan olishga qaror qiladi. Chunki bu go‘zal shaharning zarar ko‘rishini xohlamaydi.

Shaharga miloddan avvalgi 3 asrda qal'ani boshqargan ayol malika Amastrisning ismi berilgan. Usmoniylar davriga kelib Amasra deb nomlana boshladi.

Shahardagi diqqatga sazovor joylarni piyoda yurib tomosha qilsa bo‘ladi. Shahar ikkita kichik portga ega. Shahar tarixiy joylar bilan birgalikda tabiiy go‘zallikka ega. Toza plyajlari, o‘rmon va g‘orlari har yili ko‘plab sayohatchilarni o‘ziga jalb etadi.

Quyida shaharning turli manzaralari aks etgan suratlar bilan tanishasiz.

Muzaffar Habibullayev
Anqara universiteti magistranti

Top