14:48 / 29.07.2021
22977

Sankt-Peterburgda tojiklar va chechenlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv yuz berdi

Politsiyachilar janjal maishiy nizo ortidan kelib chiqqanini aniqlagan. Mushtlashuv oqibatida ikki kishi jarohatlangan, ular shifoxonaga yotqizilgan.

Sankt-Peterburgning Nevskiy rayonida yuz bergan ommaviy mushtlashuvdan so‘ng politsiya 70 kishini qo‘lga oldi, deb xabar berdi 78.ru.

Xabarda aytilishicha, mushtlashuv 28 iyul kuni kechqurun «Beliye nochi» mehmonxonasi yaqinida sodir bo‘lgan. 

Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar maishiy nizo ortidan Tojikiston va Checheniston fuqarolari o‘rtasida janjal kelib chiqqanini aniqlagan. Mushtlashuv oqibatida ikki kishi jarohatlangan, ular shifoxonaga yotqizilgan.

Avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi Rossiya hududida ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etadigan chet elliklar mamlakatdan chiqarib yuborilishi va davlatga qaytib kirishi taqiqlanishini ma'lum qilgandi.

«Xorijiy fuqarolarga nisbatan sud idoralari ma'muriy javobgarlikka tortish va 15 kunlik muddatga ma'muriy hibsga olish tarzida jazo tayinlash to‘g‘risida qaror chiqardi. Qilingan xatti-harakatlar jamoatchilik uchun xavf keltirganini hisobga olgan holda, ushbu xorijiy fuqarolarning Rossiyaga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi. Agar ular Rossiya Federatsiyasi hududidan mustaqil ravishda chiqib ketmasa, unda deportatsiya qilish choralari ko‘riladi», deyiladi Rossiya IIV xabarida.

Mavzuga oid
Top