08:27 / 29.07.2021
32016
Shomurodov «Roma»ga o‘tmoqda

Shomurodov «Jyenoa»dan «Roma»ga o‘tishga yaqin. Transfer qiymati 16 million yevrodan oshadi.

Foto: Getty Images/Stringer

Italiyalik jurnalist va futbol insayderi Nikolo Skiraning ma'lum qilishicha, «Jyenoa» va «Roma» klublari hujumchi Eldor Shomurodov transferi masalasida kelishuvga erishgan. 

«Kelishuvga erishildi! Eldor Shomurodov «Jyenoa»dan «Roma» safiga ijara asosida o‘tadi. Rimliklarda futbolchini 16 mln yevro evaziga sotib olish huquqi ham bo‘ladi. Genuya klubi o‘zbekistonlik futbolchining kelgusi transferidan ma'lum miqdorda ulush olishi shartnomada ko‘rsatib o‘tilgan», - deb yozdi Skira. 

Shomurodov uchun Genuya klubiga to‘lanadigan bir yillik ijara haqi 2,5 million yevroni tashkil etadi.

Qo‘shimcha qilinishicha, Shomurodov «Roma» bilan 2026 yilga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekadi.

Shomurodov Joze Mourino murabbiyligi ostida yaxshi o‘ynab keta olsa, futbolchining samaradorligi evaziga transferning umumiy qiymati bonuslar hisobida 19-21 million yevrogacha yetishi mumkin.

Instagram'da Eldor Shomurodovning 2019 yilda Mourino bilan tushgan surati ostiga «Roma» muxlislari o‘zbekistonlik futbolchini qarshilab izohlar qoldirishmoqda.

«Roma» rahbariyati «Leypsig»ning norvegiyalik forvardi Aleksandr Syorlotni transfer qilishni istagan, ammo Mourino unga «Zenit»ning eronlik hujumchisi Sardor Ozmun yoki Shomurodovdan biri kerakligini aytgan. Eronlik forvard uchun ayni vaqtda «Bayyer» asosiy da'vogar bo‘lib turibdi. 

Italiyalik yana bir jurnalist Fabritsio Romano «Roma» Ozmun transferini amalga oshira olmasa, bor e'tiborini Shomurodovga qaratishi haqida xabar bergandi. Uning ma'lumotiga ko‘ra, rimliklar klubi Eldor uchun 15 million yevro taklif qilgan, «Jyenoa» esa forvardini 20 million yevroga qo‘yib yuborishi mumkinligini bildirgan. 

Ma'lumot uchun, Eldor o‘tgan mavsumda «Jyenoa» safida barcha turnirlar doirasida 32 o‘yinda maydonga tushib, 8ta gol va 2ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2020 yilda «Rostov»dan «Jyenoa»ga 7,5 million yevro evaziga o‘tgan va italyanlar klubi bilan 2024 yilga qadar shartnoma imzolagandi.

Top