08:25 / 30.07.2021
4535
400ga yaqin erkak Ayollarni reabilitatsiya qilish markazlariga murojaat qilgan

2021 yilning 6 oyi davomida 400ga yaqin erkak Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga murojaat qilgan. Bu haqda AOKAda oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish, jabr ko‘rganlarga ko‘mak berish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy bo‘limlariga 2021 yilning 6 oyi davomida jami 5 958 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lib, shundan 5 348 nafari, ya'ni 89,7 foizi ayol, 393 nafari, ya'ni 6,6 foizi erkak va 217 nafari, ya'ni 3,6 foizi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Markazga eng ko‘p murojaat qilish holatlari 4ta hududga to‘g‘ri keladi, ya'ni Toshkent shahridan 1 598 nafar, Jizzax viloyatidan 861 nafar, Namangan viloyatidan 540 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 539 nafar fuqarolar murojaat qilgan. 

Murojaatchilarning 2 368 nafari huquqiy va psixologik maslahat olish uchun bog‘langan bo‘lib, ularning murojaatlarida zo‘ravonlikka uchrash alomatlari aniqlanmagan. 

1 908 nafar murojaatchi ruhiy, 1 094 nafari jismoniy, 562 nafari iqtisodiy, 26 nafari jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini ma'lum qilgan.

Ruhiy zo‘ravonlikka uchraganlarning 1 766 nafari, ya'ni 93 foizini ayollar tashkil etgan. Sodir etilayotgan ruhiy zo‘ravonlik asosan 1 841ta holatda oilada, 1 353ta holatda er-xotin o‘rtasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqani aniqlangan. 

Jismoniy zo‘ravonlikka uchraganlarning 1 071 nafari, ya'ni 98 foizi ayollardir. Jismoniy zo‘ravonlik 865ta holatda er-xotin, 157ta holatda qaynona-kelin (kuyov), 43ta holatda ota-ona va farzand o‘rtasidagi mojarolar oqibatida sodir etilgan.

Top