23:57 / 30.07.2021
6580
Arabiston dengizida yapon tankeriga hujum qilindi

Arabiston dengizida 30 iyulga o‘tar kechasi Mercer Street yapon tankeri hujumga uchradi. Buning oqibatida kema ekipajining 2 a'zosi halok bo‘lgan.

Foto: MarineTraffic

Tankerni boshqaruvchi kompaniya Zodiac Maritime’ning ma'lum qilishicha, halok bo‘lganlar Britaniya va Ruminiya fuqarolari bo‘lgan.

Hujum qaroqchilar tomonidan uyushtirilgani taxmin qilinmoqda. Uning qolgan tafsilotlari keltirilmagan va hozirda ularni aniqlash bo‘yicha tergov boshlangan.

Ayni vaqtda tanker ekipaj tomonidan nazorat qilinmoqda. U AQShning harbiy kemasi hamrohligida xavfsiz port tomon yo‘l olgan.

Britaniyaning xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan Dryad Global kompaniyasi portalida ma'lum qilinishicha, tanker ekipaji 27 kishidan iborat bo‘lgan. Ular orasida Rossiya, Ukraina, Gruziya, Xitoy va boshqa davlatlar fuqarolari bor.

Britaniya dengiz savdosi tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, hujum butunjahon muvofiqlashtirilgan vaqti (UTC) bilan soat 23:40 atrofida sodir etilgan. Hujum vaqtida kema Arabiston dengizida Ummon sohillaridan 280 km uzoqlikda bo‘lgan.

Isroillik tadbirkor Oyal Oferga tegishli tanker Tanzaniyaning Dar-as-Salom shahridan BAAning Al-Fujayra portiga yuksiz yo‘l olayotgan bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, Mercer Street Liberiya bayrog‘i ostida harakatlanadi.

Mavzuga oid
Top