22:23 / 30.07.2021
6233

Isroil politsiyasi bilan to‘qnashuvlarda 200dan ko‘proq falastinlik jabrlandi

Iordanning g‘arbiy sohilida Isroilning chegara politsiyasi bilan to‘qnashuvlarda kamida 211 falastinlik jabrlandi. Bu haqda Falastin Qizil yarimoy jamiyati ma'lum qildi.  

“Sout Al-Aqso” mahalliy radiostansiyasining jamiyat bayonotiga tayanib xabar berishicha, to‘qnashuvlar Nablus viloyatining Bayt va Bayt-Dojon aholi punktlarida yuz bergan. Isroillik politsiyachilar falastinliklarga qarshi o‘qotar quroldan tashqari rezina o‘qlar, ko‘zni yoshlatuvchi gaz va shovqin granatalari qo‘llagan.  

Bundan tashqari, ular Qizil yarimoy jamiyati tibbiy brigadalari ishiga to‘sqinlik qilib, ularni rezina o‘qlar bilan o‘qqa tutgan. Buning natijasida bir necha shifokor jarohat olgan.

May oxiridan beri Nablusning janubiy hududlari aholisi Isroil turar joylar qurayotgan Sobih tog‘i cho‘qqisi tomon norozilik yurishlari amalga oshirib kelmoqda. Ta'kidlanishicha, isroillik politsiyachilar namoyishlar o‘tkazilishiga qarshilik qilib, falastinliklarga nisbatan kuch ishlatmoqda.

Top