08:41 / 30.07.2021
7835
Lisenziyalarning amal qilish muddatiga cheklovlar olib tashlandi

“Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonunda quyidagilar belgilangan:

  • litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini joriy etish uchun asoslar;
  • Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatlari;
  • "Lisenziya" axborot tizimi maxsus elektron tizimni, shuningdek litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlarini yuritish tartibi;
  • faoliyat turlari: amalga oshirilishi uchun litsenziyalarni olish talab qilinadigan (1-ilova); amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish talab etiladigan (2-ilova); vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan (3-ilova).
  • litsenziyalarning va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilish muddatlari, shuningdek ularni uzaytirish tartibi;
  • litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi arizalarini ko‘rib chiqish, ularni qayta rasmiylashtirish, o‘zgartirish, bekor qilish va amal qilishini tugatish tartibi;
  • litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishni rad etish, shuningdek ularning amal qilishini to‘xtatib turish uchun asoslar;
  • xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat (harakatlar)ga qo‘yiladigan talablar va shartlar;
  • xabarnoma yuborish va uni hisobga olish tartibi va qabul qilinmasligi uchun asoslar va boshqalar.

Qonunning amal qilishi quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • intellektual mulk obektlaridan foydalanish, shuningdek kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi (franshizing to‘g‘risidagi shartnoma) asosida amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati;
  • tadbirkorlik sub'yektlarini, bitimlarni, huquqlarni va mol-mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda hisobga qo‘yish;
  • akkreditatsiya qilish, sertifikatlashtirish, standartlashtirish, metrologiya va texnik jihatdan tartibga solish;
  • davlat ekologik ekspertizasi;
  • atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat;
  • Qonunning 2-ilovasida ko‘rsatilmagan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni jismoniy shaxslarga berish bilan bog‘liq munosabatlar.

Lisenziya faoliyatning har bir litsenziyalanadigan turi uchun alohida beriladi. Lisenziya talabgorning arizasiga muvofiq litsenziyalanadigan faoliyat turining kichik turiga (kichik turlariga) berilishi mumkin.

Lisenziyalarning amal qilish muddati cheklanmagan, bundan quyidagilarni amalga oshirish uchun litsenziyalar mustasno:

  • tibbiy faoliyat va farmatsevtika faoliyati;
  • giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyat;
  • tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik vositasining miqdori 0,2 foizgacha bo‘lgan kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish yoki tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, olib kirish (olib chiqish), qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), olish va tashish faoliyati;
  • ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqadan va teleradioeshittirishlarni tarqatish tarmoqlaridan foydalanish hamda ularning xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyat;
  • neftni, gazni (shu jumladan siqilgan tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazini) hamda gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash va realizatsiya qilish sohasidagi faoliyat;
  • affinaj faoliyati.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddati, qoida tariqasida, cheklanmaydi, bundan ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarda va ularning pasportlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek bir martalik harakatni bajarish uchun beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mustasno.

Talabgorlarning litsenziyalar yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish to‘g‘risidagi arizalari, shuningdek ularga ilova qilingan hujjatlar maxsus elektron tizim vositasida yoki YaIDXP orqali qabul qilinadi.

Talabgorning arizasi barcha zarur hujjatlar bilan qabul qilib olingan sanadan e'tiboran vakolatli organ tomonidan uni ko‘rib chiqish, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yoxud uni berishni rad etish muddati 20 ish kunidan oshmasligi kerak.

3-ilovada ko‘rsatilgan faoliyat (harakatlar) turlarini (kichik turlarini) amalga oshirish uchun bu haqda vakolatli organni xabardor qilish talab etiladi. Xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat (harakatlar)ga qo‘yiladigan talablar va shartlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat (harakatlar)ning har bir turi bo‘yicha tasdiqlangan xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomda va pasportlarda ko‘rsatiladi.

Lisenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

  • maxsus elektron tizim vositasida litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishi ustidan masofaviy nazorat;
  • litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishini asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda va qonunchilikda belgilangan tartibda joyga chiqqan holda tekshirish;
  • lisenziatlarning, faoliyatni ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida amalga oshiruvchi shaxslarning, xabardor qiluvchilarning faoliyati bilan bog‘liq statistik axborotni hamda ulardan so‘rab olinadigan ma'lumotlarni tahlil qilish.

Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jismoniy shaxslar qonunga muvofiq jinoiy va (yoki) ma'muriy javobgarlikka tortiladi.

Top