17:18 / 30.07.2021
7187

Samarqandda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi vafot etdi

Samarqand viloyati Urgut tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 24 yoshli yigit va 16 yoshli qiz og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, ular unashtirilgan bo‘lib, o‘sha kuni Samarqandni aylanishga borishgan va ortga qaytayotganda YTH sodir bo‘lgan.

Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, kecha, 29 iyul kuni soat 16:40larda A377 Samarqand-Ayniy xalqaro avtomobil yo‘lining Urgut tumani Ustaxona qishlog‘idan o‘tuvchi 27-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Urgut tumani Mo‘minobod qishlog‘ida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan yigit o‘z boshqaruvida bo‘lgan «Lasetti» mashinasi bilan Samarqand-Jartepa yo‘nalishida harakatlanayotib, boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘ldan chiqib ketib, fuqarolardan birining uyiga borib urilgan. Zarba kuchli bo‘lganidan «Lasetti» uyning devorini yiqitib yuborgan.

Mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida haydovchi va uning yonida bo‘lgan Urgut tumani Mo‘minobod qishlog‘ida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan qiz og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasiga haydovchi mashinani belgilangan me'yordan oshirib harakatlangani sabab bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur hodisa yuzasidan Urgut tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki surishtiruv olib borilmoqda.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, yigit va qiz unashtirilgan bo‘lib, shu kuni Samarqandga aylanib kelish uchun borib, Mo‘minobod qishlog‘iga qaytayotgan bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top