08:32 / 31.07.2021
2004
Kitobdagi dispanserga keltirilgan rentgen uskunasi qutisidan eski temir bo‘lagi chiqqan. Holat huquqni himoya qilish idoralari tomonidan o‘rganilmoqda

Joriy yil 27 iyul kuni Kun.uz’da Qashqadaryo viloyatida bir necha sohalarda o‘nlab korrupsion holatlar aniqlangani haqida xabar berilgandi. Xabarda Kitob tumanida joylashgan shifoxona uchun sotib olingan rentgen qutisidan eski temir bo‘lagi chiqqani ham ma'lum qilingandi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, joriy yil 5 may kuni dispanser tomonidan dxarid.uz elektron portaliga tibbiy uskunalar xarid qilish bo‘yicha e'lon berilgan. Maxsus komissiyaning tegishli bayoniga ko‘ra tanlov g‘olibi deb topilgan mas'uliyati cheklangan jamiyat bilan 19 mayda Mobile X-Ray RU-510-rusumli bir dona rentgen uskunasidan 582,8 million so‘mga sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Shartnomaga muvofiq rentgen quti joylangan quti dispanserga keltirilgan. Quti ochilganida uning ichidan shartnomada ko‘rsatilgan rentgen uskunasi chiqmagan. Uning o‘rniga eski temir borligi aniqlangan.

Munosabatda qayd etilishicha, ayni paytda vaziyat huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Aksilkorrupsiya agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Kitob tumanida joylashgan viloyat 2-son asab-ruhiy kasalliklar dispanserida Mobile X-Ray RU-510-rusumli bir dona rentgen uskunasidan 582,8 million so‘mlik kamomad mavjudligi aniqlangan. Ushbu dispanserga yangi olib kelingan tibbiy uskuna solingan quti xolis guvohlar ishtirokida ochib ko‘rilganida, uning ichida Mobile X-Ray RU-510 rusumli rentgen apparati bo‘lmagan. Uning o‘rniga qog‘oz quti bilan o‘ralgan qizil rangdagi eski temir buyum turganligi ma'lum bo‘lgan.

Top