13:00 / 01.08.2021
9323

Onaga berilgan sinov: “Chaqalog‘imni uch oyligida tashlab kelganman, bunisi sog‘aysa bas”

Farzandning salomatligi ota-ona uchun nechog‘li baxt. Bu tuyg‘uni farzandi xastalanganlar juda yaxshi his qilishadi va hech kimga buni ravo ko‘rishmaydi. Onkogematologiya shifoxonasi eshigiga ko‘z tikkanlar shunday sinovga uchraganlardir.

Kimyoterapiyalar olsa ham, tanasida oqqon kasali bo‘lsa ham, bag‘rimda ekanligiga ming shukr...

Bu xastalik Mehrangizni o‘z oyoqlari bilan yura olmaydigan darajada yengayotgan edi. Shifokorlarning harakatlari va tajribalari uni hayotga qaytarmoqda. Lekin oddiy ishchi oilasida bu kasallik bilan kurashish uchun lozim bo‘lgan moddiy kuch yetishmaydi.

“Farzandim o‘z oyog‘i bilan yuryapti, yonimda nafas olyapti. Kimyoterapiyalar olsa ham, tanasida oqqon kasali bo‘lsa ham bag‘rimda ekanligiga ming shukr qilaman”, deydi onasi Zilola Yusupova.

Mehrangiz Sulaymonovaga oid ma'lumotlar:

O‘zkard: 8600 0423 0477 5785 otasi Furqat Choriyev nomida

Sberbank: 5228 6005 5108 6129 qarindoshi Qalandar Hasanov nomida

Telefon: +998991822714

Uch oylik chaqalog‘imni tashlab kelganman

Bolasining dardiga shifo topish uchun Navoiydan kelib davolanayotgan Anoraning og‘riqlari onasiga ming chandon ziyod azob beradi.

Onasi Shahbol Karimova qizalog‘ining sog‘ligidan mudom xavotirda ekanligini aytadi: “Har lahzada bolangizdan ayrilib qolish qo‘rquvi bilan yashaysiz ekan. Onaga buni his qilish juda qiyin bo‘lar ekan. Hatto o‘ziyam mendagi qo‘rquvni sezib qolgan. Duo qiladi tezroq tuzalishini so‘rab. Uch oylik chaqalog‘imni tashlab, shu qizimni davolatish uchun yuribman. Hozir 6 oylik bo‘ldi, 3 oydan beri ko‘rmadim kichkinamni. Tili chiqib qoldi deyishadi..”, – deb yig‘laydi ona.

Anora G‘ulomovaga oid ma'lumotlar:

O‘zkard: 8600 0417 5840 3183 otasi Sayfullo Sattorov nomida

Telefon: +998913344548

Bolalarimiz orqamizda qolsin

Maftunaning kasallik tarixi uning matonatli qiz ekanligidan dalolat beradi. 12 yoshida oqqonga chalingan qizginaning ota-onasi uyini sotib, uni davolatishgan. Taassufki, oradan 7 yil o‘tib, kasallik yana qaytalandi. Oilada endi sotiladigan biror arzirli mulk ham yo‘qligi sabab ular moddiy qiyinchilikni boshdan kechirishmoqda.

“Shuncha avaylasak ham qaytalashi hammamizni shok holatiga tushirdi. Sotadigan hech narsamiz qolmadi. Farzand yo‘qotish juda yomon. Tuzalib ketishiga umid qilyapmiz. Bolalarimiz orqamizda qolsin”, deydi ko‘z yoshlari sel bo‘layotgan onasi Nargiza opa. Ota-ona qizlarining tuzalishi uchun yaxshilar madadidan umidvor.

Maftuna Nasrullayevaga oid ma'lumotlar:

O‘zkard: 8600 1404 7493 3513 onasi Nargiza Gilmanova nomida

Sberbank: 4817 7602 6697 5386 Nargiza Gilmanova

Viza: 4790 9122 1079 8833 Nargiza Gilmanova

Telefon: +998974649099

Kelishi oson, ketishi qiyin dard

29 yoshli Sevara 2 farzandning onasi. Ayolning umri bolalarini mehr bilan parvarishlash, tarbiyalash bilan emas, kasalxonaning devorlariga umid ila termilgancha o‘tyapti. Sababi, unda oqqon kasalligi aniqlangan.

“Bu kasal to‘g‘risida hech xabarim yo‘q edi. Kasalxona peshtoqidagi onkogematologiya so‘zini o‘qib, etim jimirlab ketdi. Ilik ko‘chirish operatsiyasini o‘tkazishimiz kerak – katta mablag‘ talab qilar ekan bu dard. Uyimni sotsam ham puli bu operatsiyaga yetmas ekan”, deydi turmush o‘rtog‘i Umar Ergashev.

“Bu dardning kelishi oson, ketishi qiyin ekan. Hech kimga buni ravo ko‘rmayman”, deya zor yig‘laydi ayol.

Sevara Ergashevaga oid ma'lumotlar:

O‘zkard: 8600 0609 6553 7757 Sevara Ergasheva nomida

Telefon: +998932929287

Ko‘z yosh to‘kayotgan onalarni, boshini xam qilgan otalarni ko‘rib yuragi zirqiragan yurtdoshim! Ular bugun ko‘makka muhtoj. Yordamning esa ko‘pi-ozi, moddiy yoki ma'naviy ekanligi muhim emas. Muhimi ularga chin dildan madadkor bo‘lish istagining borligi. Shunday istak bilan yashayotganlar ko‘paysin!

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi – Azim Vohidov

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top