17:43 / 02.08.2021
20918

Tojikistonning eng katta davlat qarzi Xitoydan ekanligi ma'lum qilindi

Olti oy davomida davlat qarzi 100 mln dollarga o‘sgan.

Foto: Wikimedia

Ikkinchi yarim yillik boshida Tojikiston davlat qarzi 3,8 mlrd dollarni tashkil etdi, bu respublika YaIMning 44,6 foiziga teng, deb ma'lum qildi mamlakat moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda.

Yil boshiga solishtirganda, davlat qarzi 100 mln dollarga o‘sgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, davlat qarzining 3,3 mlrd dollari tashqi qarz (87 foiz) hisobiga to‘g‘ri keladi, ichki qarz miqdori esa 500 mln dollarni (13 foiz) tashkil etadi.

Uning qayd etishicha, davlat qarzi darajasi mamlakatning strategik hujjatlari me'yorlari va xalqaro moliya institutlari tavsiyalariga mos keladi.

Tojikistonning tashqi qarz bo‘yicha eng katta kreditori Xitoy bo‘lib turibdi (1,2 mlrd dollar), xalqaro moliya bozorlarida davlat obligatsiyalari (yevrobondlar) joylashtirilishi hisobidan qarzlar 500 mln dollarni tashkil etadi. 

Shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro valuta fondidan ham nisbatan yirik qarzlar mavjud.

Top