23:52 / 02.08.2021
10695

Vashington 24 nafar rossiyalik diplomatdan 3 sentyabrgacha AQShni tark etishni talab qildi

Vashington Rossiya tomoniga vizasi amal qilish muddati tugashi sababli AQShni 3 sentyabrgacha tark etishi kerak bo‘lgan 24 rossiyalik diplomatdan iborat ro‘yxatni topshirdi. Bu haqda Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov National Interest nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: Rostislav Ageev/Shutterstock/Fotodom

“Afsuski, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmayapti. Rossiyaning AQShdagi diplomatik missiyalari misli ko‘rilmagan cheklovlar sharoitida ishlamoqda. Bu cheklovlar nafaqat kuchda qolmoqda, balki yanada kuchaytirilmoqda. Bayden ma'muriyatining diplomatiya roli muhimligi va Rossiya bilan barqaror munosabatlarni rivojlantirishga tayyorlik haqidagi bayonotlariga qaramay, Rossiya diplomatik korpusi zarbalarga uchrashda davom etmoqda”, deb aytgan Rossiya elchisi. 

“Biz 3 sentyabrgacha AQShni tark etishi kerak bo‘lgan 24 diplomatdan iborat ro‘yxatni oldik. Vashington vizalar berishni qat'iylashtirgani sababli bu diplomatlarning deyarli barchasi o‘rniga boshqa xodimlar kelmagan holda jo‘nab ketishadi”, deb qo‘shimcha qilgan Antonov.

Bundan tashqari, AQSh Rossiyadagi elchixona xodimlarining rafiqalari va farzandlarining amaldagi vizalarini sababini tushuntirmagan holda bekor qilmoqda. Antonovning ta'kidlashicha, bularning barchasi rossiyalik diplomatlarni AQShdan siqib chiqarish maqsadida qilinmoqda.

“Bunday vaziyat hech kim uchun foydali emas. Tomonlar tengligi asosida qaror qabul qilish lozim. Buni amalga oshirishning eng sodda va tez yo‘li diplomatlarning faoliyatini cheklovchi barcha choralarni bekor qilish hisoblanadi”, deb aytgan Rossiya elchisi.

Mavzuga oid
Top