16:20 / 05.08.2021
11358
Abdulla Aripov yil boshidayoq emlangani ma'lum bo‘ldi. U o‘zbek-xitoy vaksinasini qabul qilgan

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ZF-UZ-VAC-2001 o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan birinchilardan bo‘lib emlangan. Bosh vazir matbuot xizmati xodimi Bekzod Hidoyatov Kun.uz’ga ushbu ma'lumotni tasdiqladi.

Ma'lum bo‘lishicha, bosh vazir Abdulla Aripov va uning qo‘l ostidagi xodimlari o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan 2021 yil boshida to‘liq emlanib bo‘lgan. Uch bosqichli emlanish jarayonining birortasidan so‘ng hukumat rahbarida nojo‘ya ta'sirlar sezilmagan.

Ma'lumot uchun, o‘zbek-xitoy vaksinasining uchinchi bosqich klinik sinovlari O‘zbekistonda dekabr oyida boshlangandi. Bir qator yuqori martabali amaldorlar, xususan, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev shu sinovlarda qatnashgan, sinovlar 2021 yil fevral oyida ham davom etgandi.

Fevral oyida Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonni vaksina hammuallifi deb tan olgach, O‘zbekistonda qo‘llanayotgan vaksina nomi ZF-UZ-VAC-2001 deb o‘zgartirilgan, 1 mart kuni vaksina O‘zbekistonda rasman ro‘yxatga olingan, aprel oyi boshidan esa aholini ommaviy emlash ishlari boshlangandi.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi to‘liq emlangani ma'lum qilingandi. Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov OAV vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilishicha, prezident mas'uliyatli fuqaro sifatida, o‘sha vaqtda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan uch vaksina - ZF-UZ-VAC2001, AstraZeneca va «Sputnik V» vaksinalaridan biri bilan to‘liq emlangan. 

Iyun-iyul oylari davomida ko‘plab amaldorlar koronavirusga qarshi vaksina qabul qilish kampaniyasida ishtirok etgan, xususan, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev ham emlangandi. Bundan tashqari, Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin (Sputnik V),  Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov (o‘zbek-xitoy vaksinasi), Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov (o‘zbek-xitoy vaksinasi), madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov (Sputnik V), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov (Sputnik V), Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev (o‘zbek-xitoy vaksinasi), Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov (Sputnik V) hamda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatovning vaksina olish jarayonida olingan suratlari e'lon qilingandi. Shuningdek, Senat raisi Tanzila Norboyeva 2021 yilning may—iyun oylarida «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangani ma'lum bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top