19:42 / 05.08.2021
16515
«Pragmatik tashqi siyosat» - Ekspert bilan Markaziy Osiyo muammolari va ularni hal qilishda O‘zbekistonning o‘rni haqida suhbat

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov Turkmanistondagi sammit arafasida Kun.uz muxbiri bilan suhbatda mintaqada hal qilinmay qolayotgan masalalar, Afg‘oniston, katta o‘yinchilarning ishtiroki, iqlim muammolari va istiqboldagi imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.

Anvar Nosirov

 Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarimiz qay darajada? 2016 yilgacha va undan keyingi o‘tgan besh yil ichida o‘zaro aloqalarimiz orasida tafovutlar nimalarda ko‘rinadi?

 — Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda osoyishtalik hamda barqaror taraqqiyotga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan faol tashqi siyosat, mintaqada xavfsizlikni ta'minlash borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston bugun yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik tamoyillariga tayangan holda faol va pragmatik siyosat olib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi tufayli mintaqa mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalari jadal sur'atlarda rivojlanib boryapti. Shuningdek, energetika, suv va ekologiya masalalarida o‘zaro manfaatli munosabatlar rivojlanmoqda. Tarixan qisqa vaqt mobaynida Markaziy Osiyoda prinsipial jihatdan mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratildi.

Buning aniq natijasi sifatida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlari tashkil etilgani aytish mumkin. Mazkur uchrashuv doimiy muloqot maydoniga asos soldi, mintaqada xavfsizlik, barqaror rivojlanishni ta'minlashga xizmat qilib kelmoqda. Joriy yilning 6 avgustida Turkmanistonning «Avaza» milliy turistik hududida tashkil etilayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvining navbatdagi yig‘ilishi doirasida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti va mintaqa Iqtisodiy forumi, milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, milliy taomlar festivali hamda san'at ustalarining tantanali konserti Markaziy Osiyo davlat rahbarlari sammitining yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.

Siyosiy aloqalarning faollashuvi iqtisodiy munosabatlar rivojlanishiga ham turtki bo‘ldi. Qo‘shni mamlakatlar bilan savdo-­sotiq rivojlanishi mintaqaning investitsion jozibadorligi oshishiga zamin yaratmoqda. 2020 yil yakuniga ko‘ra, mintaqaga kiritilgan jami xorijiy sarmoyalar qiymati 37 milliard dollarni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 40 foizga oshdi. Bu raqamlar qisqa muddatda qanchalik o‘sishga erishilganini yaqqol ifoda etadi.

O‘zbekiston mintaqa mamlakatlari, xususan, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan eng nozik masalalar yechimida, ayniqsa, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish borasida pragmatik yondashib, tarixiy kelishuvlarga erishmoqda.

Qo‘shni mamlakatlar chegaradosh hududlari darajasida aloqalar kengayib borayotgani, xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan faol foydalanilayotgani ham mintaqa davlatlari munosabatlarini mazmunan boyitmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan maxsus komissiya tuzildi. Hozirgi kunda suv xo‘jaligi bo‘yicha mavjud bo‘lgan transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishga aloqador barcha muammolar o‘zaro manfaatli qarorlar asosida yechimini topmoqda.

 Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida hal qilinmay qolayotgan qanday strategik masalalar mavjud?

— Hozirgi davrda Markaziy Osiyo ba'zi mamlakatlari orasida delimitatsiya va demarkatsiya masalalari o‘z yakuniga yetmagani, iqtisodiy sohalarda cheklovlar saqlanib qolayotgani, o‘zaro savdo aylanmasida tomonlar ulushining kamligi, qo‘shma sanoat loyihalari yetarli emasligi mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishiga ma'lum darajada o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Hozirgi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro savdo aylanmasi, ularning umumiy tashqi savdosining 10 foizini tashkil etadi. Vaholanki, bu ko‘rsatkich Yevropa ittifoqi davlatlarida 60 foizga, Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkilotida 68 foizga teng.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlarida foydalanilmagan katta imkoniyatlar mavjud. Jumladan, mintaqalararo tovar ayirboshlash hajmini, ayniqsa, tayyor mahsulotni ko‘paytirish istiqbollari katta. Boston xalqaro konsalting kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, Markaziy Osiyoning kelgusi 10 yil mobaynida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish salohiyati 170 milliard dollarga teng, shu jumladan, 40-70 milliard xomashyo sektori bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalarga jalb qilinishi mumkin.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra esa samarali iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish Markaziy Osiyo davlatlarining YaIM hajmini (2020 yilda 291 mlrd dollar) ikki barobar oshirish imkonini beradi.

Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat keskinlashuvi Markaziy Osiyo davlatlari uchun qanday iqtisodiy va siyosiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin?

— Markaziy Osiyo mamlakatlarining manfaatlari mintaqada xalqaro transport yo‘laklari va xalqaro transport infratuzilmasini birgalikda yaratishga mos keladi, bu esa mintaqa mamlakatlaridan jahon bozorlariga eksport mahsulotlarini yetkazib berishda transport xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi. Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatning keskinlashuvi ushbu maqsadlarga erishishni kechiktirishi mumkin.

Xususan, Afg‘oniston transport koridori deb atalmish «Termiz - Mozori Sharif - Kobul - Peshovar» temir yo‘l liniyasini qurish amalga oshirilishi ortga surilishi mumkin.

Afg‘oniston bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lish o‘rniga, «tirbandlik»ka aylanadi, bu yirik iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarga to‘sqinlik qiladi. Qolaversa, Afg‘onistonda vaziyat izdan chiqishi – ekstremistik va terroristik guruhlar faollashuvi, narkotik moddalar noqonuniy aylanishi, gumanitar inqiroz kabi muammolar ko‘chayishiga olib keladi. Qo‘shni mamlakatda bunday tahdidlar kuchayishi, albatta, mintaqa xavfsizligiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

 Markaziy Osiyo mintaqasi uchun eng katta tahdid nima deb hisoblaysiz?

— Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash ko‘p jihatdan mintaqaning iqtisodiy rivojlanishiga bog‘liq. Shu munosabat bilan mintaqa oldida turgan asosiy tahdidlar sifatida Markaziy Osiyo davlat iqtisodiyotining xomashyo resurslariga asoslangani, samarali transport tizimi va dengizga chiqish yo‘li mavjud emasligi hamda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini aytish mumkin.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Markaziy Osiyo davlatlarida xomashyo eksportning salmoqli qismini tashkil etadi. Markaziy Osiyo davlatlarining transport xarajatlari boshqa davlatlarga nisbatan birmuncha yuqori. Masalan, Markaziy Osiyo davlatlaridan Shanxayga bitta konteyner yetkazish Turkiya va Polsha davlatlariga nisbatan 5 barobar qimmat. Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlatlar eksport daromadlarining 18 foizini transport xarajatlariga ishlatishadi. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich rivojlangan davlatlarda 9 foiz.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalar bugun Markaziy Osiyo davlatlariga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, bugun ekologik sohadagi sel ko‘chishi, cho‘llashish, qurg‘oqchilik va toshqinlar kabi muammolar kuchayishi oziq-ovqat tanqisligi va gumanitar inqirozni keltirib chiqarishi mumkin.

Ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 30 yilda Markaziy Osiyoning ekologik muammolardan ko‘rgan zarari 10 mlrd dollarni tashkil etadi, aziyat chekkan aholi soni 10 mln kishiga teng. Tabiiy ofatlardan ko‘rilayotgan zararlar bugun mintaqa yalpi ichki mahsulotining qariyb 2 foizini tashkil qilmoqda.

Shu munosabat bilan, hurmatli prezidentimiz tomonidan birinchi va ikkinchi maslahat uchrashuvlarida ilgari surilgan mintaqaviy iqtisodiy forum tashkil etish, sanoat kooperatsiyasini va investitsiya sohasida hamkorlikni rivojlantirish, transport sohasida mintaqaviy kengash tuzish, ekologik muammolarni hamkorlikda bartaraf etish mexanizmlarini ishlab chiqish kabi tashabbuslar aynan yuqoridagi muammolarni hal etishga qaratilgan.

 Tojikiston va Kirg‘iziston o‘rtasida yaqinda kuzatilgan ziddiyatlar ikki mamlakat munosabatlaridagi sovuqlashuvning birinchisi emas. Aytingchi, bu muammolarning mutlaq yechimi bormi?

— Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach, barchalari chegara muammolariga duch kelishgan, jumladan, O‘zbekiston ham. Chegara muammolari ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar bo‘lgani sababli mintaqa davlatlari bor imkoniyatlarini ushbu muammoni imkon qadar tez yechishga harakat qilishmoqda.

O‘zbekiston mintaqadagi muammolarning barchasini o‘zaro manfaatlarni inobatga olgan holda va tinchlik asosida yechish tarafdori. Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara muammolari yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ham aynan shunday chaqiruvlar mavjud.

Chegara muammolarining mutlaq yechimiga keladigan bo‘lsak, albatta buning imkoni bor. Buni O‘zbekistonning Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegara masalalari bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralari natijalarida ham ko‘rish mumkin.

Qirg‘iziston va Tojikiston ham bugun chegara muammosini hal qilish uchun bor imkoniyatlarini safarbar qilyapti. Xususan, chegara masalari bo‘yicha ikki tomonlama komissiya faoliyati 2019 yilda tiklandi (2006 yil tuzilgan), chegara muammosini hal etish bo‘yicha ikki davlat prezidentlarining uchrashuvlari tashkil etildi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda shuni aytish mumkinki, Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro hamjihatlik, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik tamoyillariga asoslangan holda mavjud muammolarni barcha tomonlarning manfaatlarini inobatga olgan holda hal eta olishadi.

 Silk Road viza rejimini joriy etish haqida gapirilgandi. Ushbu loyihani amalga oshirish jarayoni qanday ketmoqda?

— Turizm iqtisodiyotning rivojlanishida muhim drayver hisoblanadi. Xususan, BMT Xalqaro turizm tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, bugun butun dunyoda har 10 ishchi o‘rinning bittasi turizm sohasida tashkil etiladi, xizmat ko‘rsatish eksportining 30 foizi turizm sohasiga to‘g‘ri keladi. Lekin bu soha Markaziy Osiyoda boshqa davlatlardagiga nisbatan kam rivojlangan.

Boston xalqaro konsalting kompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, turizm sohasining ulushi mintaqa davlatlarida YaIMning 1-3 foizini tashkil etadi. Vaholanki bu ko‘rsatkich rivojlangan davlatlarda 10 foizga yetadi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Misol uchun, O‘zbekistonning faol mintaqaviy tashqi siyosati evaziga Markaziy Osiyoda shakllangan ijobiy muhit natijasida so‘nggi besh yilda turistlar soni keskin oshdi. 2016-2020 yillarda Markaziy Osiyoga sayohatchilar soni deyarli ikki baravar ko‘paydi - 9,5 milliondan 18,4 million kishiga.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Markaziy Osiyo davlatlari turizm sohasini rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratishmoqda. Xususan prezidentimiz taklif etgan «Ipak yo‘li» viza rejimi transmilliy sayyohlik mahsuloti yo‘lidagi to‘siqlarni (qo‘shni davlatlar chegaralarini kesib o‘tishda viza, bojxona va chegara to‘siqlari) yengishga imkon beradi. Amalda, viza olgan chet ellik sayyoh, masalan, O‘zbekistonda, Qozog‘istonga yangi viza olishiga hojat qolmaydi - u avtomatik ravishda bitta safar davomida boshqa mamlakatga tashrif buyurish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladi.

O‘z o‘rnida, 2018 yil avgust oyida Ozarboyjon, Tojikiston, Turkiya va Qirg‘iziston viza to‘siqlarini o‘zaro olib tashlashga qiziqish bildirgani ma'lum bo‘ldi.

2018 yil noyabrida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida «Ipak yo‘li» davlatlari tomonidan viza rejimlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Hozirda tartibga soluvchi va texnik xarakterdagi masalalarni hal qilish, shu jumladan axborot tizimlarini birlashtirish, shuningdek, loyihani birgalikda moliyalashtirish, yagona konsullik yig‘imini aniqlash va loyihani to‘liq amalga oshirish uchun hukumatlararo bitim tuzish yakunlanmoqda. Rejaga ko‘ra, tasdiqlash bo‘yicha ishlar shu yil yakunlanadi va ilk loyiha 2022 yilda ishga tushiriladi.

 Katta o‘yinchilarning (AQSh, Rossiya, Xitoy, Yevroittifoq) munosabatlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga qanchalik ta'sir qiladi?

— Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishi bir vaqtning o‘zida ham ichki, ham tashqi omillarga bog‘liq. Bunga asosiy sabab Markaziy Osiyoning geostrategik joylashuvi (Sharq va G‘arbni bog‘lovchi ko‘prik), tabiiy resurslarga boyligi (gaz, uran, oltin), rivojlanib kelayotgan iste'mol bozori (aholi soni 74 mln), hamda xavfsizlik nuqtayi nazaridan Afg‘oniston bilan chegaradoshligi.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo doimiy ravishda yetakchi davlatlarning e'tibor markazida bo‘lib kelgan. Tabiiy ravishda mintaqada ularning manfaatlari to‘qnash kelgan va kesishgan nuqtalar mavjud.

Albatta, yetakchi davlatlarning Markaziy Osiyoda geosiyosiy qarama-qarshiliklari kuchayishi mintaqaning barqaror rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shu tufayli O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganining ilk kunlaridan boshlab, Markaziy Osiyoni o‘zaro manfaatli hamkorlik va rivojlangan mintaqaga aylantirish yo‘lida faol tashqi siyosat olib bormoqda. O‘zbekistonning bunday mintaqaviy siyosati yetakchi davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xususan, Rossiya, Xitoy, AQSh, Hindiston va Yevropa Ittifoqi kabi strategik hamkor davlatlar mintaqaviy jarayonlarni inobatga olgan holda, o‘z tashqi siyosatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritmoqda.

Misol tariqasida, tashqi ishlar vazirlari darajasidagi muntazam uchrashuvlar, ya'ni «Rossiya - Markaziy Osiyo», «Xitoy –Markaziy Osiyo», «Hindiston – Markaziy Osiyo», shuningdek, AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus strategiyasi va Yevropa Ittifoqining Yangi Markaziy Osiyo strategiyasi qabul qilinishi buning yorqin dalilidir.

 Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida integratsiya jarayoni to‘liq amalga oshmagan. Yaqin kelajakda bu borada qanaqadir iqtisodiy va siyosiy tuzilmalar paydo bo‘lishi mumkinmi?

— Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishganidan so‘ng, mintaqada bir qancha integratsion loyihalar faoliyat olib borgan. Misol tariqasida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati, Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti va Markaziy Osiyo ittifoqi kabi tashkilotlarni aytish mumkin. Ammo ular birlashtiruvchi omil bo‘lish o‘rniga Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorlikdan uzoqlashishiga olib kelgan.

Shu tufayli bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda qandaydir tashkilot tuzish tarafdori emas. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil Samarqandda tashkil etilgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» nomli xalqaro konferensiyada alohida to‘xtalib o‘tgandi.

Xususan, prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining o‘zaro maslahatlashuvlari bo‘yicha uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish tashabbusi bilan chiqib, ushbu format mintaqada umumiy muammolarni hal etish yo‘llarini birgalikda izlab topish maqsadida faoliyat olib borishini, bu o‘rinda gap Markaziy Osiyoda yangi xalqaro tashkilot tuzish yoki o‘z ustavi va milliy davlat organlaridan ustun turadigan integratsiyalashuv sohasida qandaydir tuzilma tashkil etish haqida ketmayotganini alohida ta'kidlagan.

 Ko‘pchilik xalqaro ekspertlar prognozlarida Markaziy Osiyo kelajakdagi cho‘llashish ehtimoli juda yuqori bo‘lgan hudud sifatida tavsiflanadi. Ekologik inqirozga qarshi umumiy hamkorlikda qanaqa choralar ko‘rish kerak deb o‘ylaysiz?

— Cho‘llashish va yerlarning eroziya bo‘lishi bugun butun insoniyat uchun eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, cho‘llashish 200 mln kishi hayotiga bevosita ta'sir ko‘rsatadi. Cho‘llashish jarayonlarining asosiy sababi –iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan nomutanosib foydalanish hisoblanadi.

Cho‘llashish Markaziy Osiyo uchun ham jiddiy muammo hisoblanadi. So‘nggi 10 yilda mintaqada bahor mavsumining harorati o‘rtacha 0,6 darajaga oshgan. Natijada har yili Markaziy Osiyo muzliklarining 1,5-2 foizi erimoqda. BMT mutaxassislari 2020 yil yakuniga ko‘ra Markaziy Osiyoda yerlarning 37 foizi degradatsiyaga uchraganini ma'lum qilishgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda bugun mamlakatimizda ekologik muammolarni hal etish davlat darajasiga ko‘tarilgan. Xususan, 2020 yil sentyabrda o‘tkazilgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida prezidentimiz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to‘g‘risida maxsus rezolyutsiya qabul qilish taklif qilgan. Oradan qisqa vaqt o‘tib, 2021 yil 18 mayda BMTning «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish» to‘g‘risida maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.

O‘zbekiston rahbarining tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Dunyoning turli mintaqalaridagi 50dan ortiq davlatlar mazkur rezolyutsiyaga hammuallif sifatida ishtirok etgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Orolbo‘yi Bosh Assambleya tomonidan «Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» singari yuqori maqom taqdim etilgan ilk mintaqa bo‘ldi. BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasining qabul qilinishi yuqori texnologik innovatsiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejovchi texnologiyalar ishlab chiqish va joriy qilishga investitsiyalarni jalb qilish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini majmuaviy qo‘llash, cho‘llashuv va ekologik migratsiya jarayonlarining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni va rag‘batlantiruvchi omillarni shakllantirish yo‘lidagi sa'y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qiladi.

 Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy-siyosiy munosabatlarida prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘rni va roli haqida nimalarni ayta olasiz?

— Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajarishga kirishgan ilk kunlardan mintaqaviy hamkorlikka alohida urg‘u bergan. Xususan, 2016 yil 8 sentyabrda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi qo‘shma majlisida Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanganini alohida aytgan.

Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan pragmatik tashqi siyosat natijasida bugun Markaziy Osiyo siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda fundamental o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Hech shubhasiz bu prezidentimizning Markaziy Osiyoda davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi bo‘lgan «muammodan qochish emas uning yechimini topish», «har qanday muammo yuzasidan muloqot qilish», «xavfsizlikning bo‘linmasligi, uni samarali ta'minlashning asosi hamkorlik ekanligi» kabi yondashuvlarining natijasi hisoblanadi. Bu to‘g‘risida Markaziy Osiyo masalalari bilan shug‘ullanadigan dunyoning yetakchi ekspertlari va davlat arboblari juda ko‘p ijobiy fikr bildirishgan.

Shu o‘rinda, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning prezidentimizning ushbu mamlakatga tashrifi chog‘ida aytgan fikrlarni yodga olish joiz. U zamonaviy O‘zbekiston va Tojikistonning har tomonlama strategik munosabatlariga ta'rif berar ekan, Shavkat Mirziyoyevni uning «tashabbuskori va arxitektori» deb atagan.

Hech mubolag‘asiz, Shavkat Mirziyoyev nafaqat o‘zbek-tojik munosabatlarining, balki Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining zamonaviy munosabatlarining «tashabbuskori va arxitektori» hisoblanadi.

Dilshod Abduqodirov suhbatlashdi

Top