18:19 / 06.08.2021
14028
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining qo‘shma bayonoti e'lon qilindi

Prezidentlar Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlashning muhim omillaridan biri qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatning tezroq barqarorlashishi ekanligini qayd etdi.

Foto:akorda.kz

6 avgust kuni Turkmanistondagi «Avaza» milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, shuningdek, BMT bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining qo‘shma bayonoti e'lon qilindi.

Bayonotda prezidentlar mintaqa davlatlarining «Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona to‘g‘risida»gi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlashning muhim omillaridan biri qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatning tezroq barqarorlashishi ekanligini qayd etdi. Prezidentlar afg‘on jamiyatida tinchlik va kelishuvga erishilishiga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Ular barcha manfaatdor davlatlar va xalqaro tashkilotlarning Afg‘onistonda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash hamda uning jahon xo‘jalik munosabatlariga jalb etilishiga qaratilgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashlarini ma'lum qildi.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Avazada dolzarb masalalar yuzasidan qator takliflarni ilgari surgani xabar qilingandi.

Top