11:19 / 06.08.2021
9876

O‘zbekiston Qozog‘istonning Turkiston shahrida besh ming kishilik yangi masjid qurmoqda

Turkiston viloyati hokimiyati yangi masjid loyihasi shaxsan O‘zbekiston prezidenti tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirgan.

O‘zbekiston Qozog‘istonning Turkiston shahrida besh ming kishilik yangi masjid qurmoqda. Qayd etilishicha, yangi masjid 2022 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Turkiston viloyati hokimligi masjid shaharga kiraverishda qurilayotganini ma'lum qilgan.

“Arxitekturasi o‘ziga xos bo‘lgan islom markazining ichki va tashqi tarafi sharqona uslubda bezalmoqda. Loyihada dunyoning eng yaxshi tajribalari hisobga olingan. Masjid poydevorini mustahkamlash uchun o‘ziga xos texnologiya ishlab chiqilgan”, deyiladi Turkiston viloyati hokimining matbuot xizmati xabarida.

Ta'kidlanishicha, masjidning umumiy maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Yangi masjid O‘zbekiston tomoniga qanchaga tushishi va qurilish xarajatlari qaysi moliyaviy manbalar hisobidan qoplanishi haqida tafsilotlari hozircha ma'lum emas.

O‘zbekiston Turkiston shahrida masjid qurishi haqidagi ilk xabar 2019 yilda paydo bo‘lgan. Turkiston viloyati hokimligining rasmiy saytida yangi inshootning tamal toshi qo‘yilgani, unda O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiylari ishtirok etgani ma'lum qilingan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining qozoq OAVga tayanib xabar berishicha, majmuada diniy marosimlarni o‘tkazish binosi, kongress zali, 180 o‘rinli madrasa, kutubxona, oshxona, sport maydonchalari, 50 o‘rinli avtoturargoh barpo etiladi.

Top