20:06 / 07.08.2021
12797

Bill Geytsning sobiq rafiqasi dunyoning eng boy ayollaridan biriga aylandi

Bill Geytsning investitsiyalarini boshqaruvchi Cascade Investment fondi 5 avgust kuni AutoNation avtodilerining 3,3 million dona aksiyasini Melinda nomiga o‘tkazib bergan.

Microsoft asoschisi Bill Geyts xotini Melinda bilan rasman ajrashganidan so‘ng unga umumiy qiymati qariyb 2,5 milliard dollarga teng aksiyalarini berdi. Melinda French Geytsning boyligi 5,7 milliard dollarga yetdi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Nashrning yozishicha, Bill Geytsning investitsiyalarini boshqaruvchi Cascade Investment fondi 5 avgust kuni AutoNation avtodilerining 3,3 million dona aksiyasini Melinda nomiga o‘tkazib bergan. Aksiyalar narxi 390 million dollar atrofida.

Shuningdek, John Deere kompaniyasining 2,8 million va Canadian National Railway kompaniyasining 9,5 million dona aksiyasi Melinda French Geytsga o‘tgan. Bu aksiyalarning umumiy qiymati 2 milliard dollardan oshadi.

Geytsning sobiq turmush o‘rtog‘i avvalroq qariyb 3 milliard dollarlik aksiyalarga ega bo‘lgandi. Shu tarzda Melinda Geytsning boyligi miqdori 5,7 milliard dollarga yetdi.

Juftlik 27 yillik birgalikdagi turmushdan keyin ajrashishi haqida may oyida e'lon qilgandi. Juftlikning bu boradagi bayonotida ular bunday qarorga “juftlik sifatida ortiq o‘sa olishlariga ishonmayotganlari” sababli kelganlari aytilgan.

Biroq OAVning xabar berishicha, juftlikning ajrashishiga Bill Geytsning odam savdosida ayblangan moliyachi Jyeffri Epshteyn bilan aloqaga ega bo‘lgani hamda Microsoft xodimalaridan biri bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lgani sabab bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid
Top