19:26 / 07.08.2021
9764

MIB tizimida “plan” bor-yo‘qligi masalasiga izoh berildi

MIB tizimida “plan” borligi rad etildi. Biroq avvalroq byuro mansabdori kuniga o‘ntadan kam ijro harakatini bajargan xodimlarni jazolamoqchi bo‘lgandi.

Majburiy ijro byurosi huquqiy ta'minlash va xalqaro huquqiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nasimxon Burhonov byuro organlarida xodimlarga “plan” belgilab berilganini rad etdi. Ammo u ijrochilarning faoliyatini nazorat qilish uchun muayyan reja belgilab berilishini tan oldi.

“Har qanday idorada o‘z ishini rejalashtirish degan narsa bor. Ijro hujjatlarining sonidan, undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ miqdoridan kelib chiqib har bitta idora o‘zining ishini rejalashtiradi. Masalan, falon ishning ijrosi falon muddatda ta'minlanadi deb belgilab olinadi.

Xuddi shunday MIB tizimidagi har bitta idora, byuroning viloyat, shahar, tumanlardagi boshqarma va bo‘limlari o‘z ishini rejalashtiradi. O‘ziga qanaqadir indikator qo‘yish, ma'lum bir ko‘rsatkichni belgilab, unga intilish ishni tashkil etishning bitta turi, yo‘nalishi hisoblanadi. Ya'ni Majburiy ijro organining ish hajmi, xodimning imkoniyatlaridan kelib chiqib qandaydir yuklamalar belgilanishi mumkin. Bu – hamma idorada bor holat.

“Plan” degan narsa yo‘q. Lekin aliment bo‘yicha o‘tgan yili buncha ko‘rsatkich bo‘lgan, bu yildan ushbu ko‘rsatkichni 60-70 foizga, kelasi yili 80 foizga yetkazish kerak deb reja belgilanadi. Shunga qarab majburiy ijro organlari intiladi, faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Buni endi boshqacha qilib “plan” deyish mumkin, “ishni tashkil etish” desa bo‘ladi.

Bizda kuniga kichik-kichik summalarni undirish bilan bog‘liq 35 ta ijro hujjatini yakunlash haqidagi umumiy qoida bor. Bitta ijrochi 20 ta ijro hujjatini tugallay olsa, ikkinchi ijrochi 8 ta ijro harakatini bajaradi. Ularning sharoiti bir xil, biriktirilgan hududi bir xil. Har bitta ijrochi bekor yurmasligi, undiruvga chiqib ketgandim deb bahona qilmasligi uchun muayyan reja belgilab beriladi. Shu orqali ishning borishi nazorat qilinadi.

[“Plan”ni bajarmagan xodimlarni] javobgarlikka tortish masalasiga kelsak, chora ko‘rish Mehnat kodeksiga asosan amalga oshiriladi. Mehnat qonunchiligida, shuningdek, byuro organlarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi nizomda chora ko‘rish asoslari yozilgan. Xodimga “reja”ni bajarmading, yuklamani qilolmading degan asos bilan uni intizomiy javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Qonunda, ichki hujjatlarda buning uchun asos mavjud emas”, – deydi Nasimxon Burhonov.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati Angren shahar bo‘limi boshlig‘i Mohizoda Yusupova xodimlarning Telegram'dagi guruhiga yo‘llangan ovozli xabari tarqab ketgan, unda MIB mansabdori kunlik rejani bajarmagan xodimlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.

Xodimlarini so‘kkan MIB Angren shahar bo‘limi boshlig‘iga hayfsan berilib, rahbar tomonidan haqoratlangan 7 nafar xodim bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, o‘z ishlariga mas'uliyatli bo‘lishga chaqirilgani ma'lum qilingandi.

Avvalroq internetda Olmazor tumani IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi katta inspektori, podpolkovnik Farrux Xolovning har bir profilaktika inspektori turli moddalar bo‘yicha kuniga 5tadan ma'muriy bayonnoma tuzishi haqida topshiriq bergan audiosi tarqalgandi. Shundan so‘ng Toshkent shahar IIBB Farrux Xolovga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilagan, biroq uning natijasida ichki ishlar xodimiga qanday chora ko‘rilgani ochiqlanmagandi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov xuddi MIB mulozimlari kabi tizimda xodimlarga “plan” belgilab berilganini rad etgandi. G‘iyosovning aytishicha, ichki ishlar tizimi “bunday nomaqbul ish uslubidan allaqachon qutulgan”.

Mavzuga oid
Top