15:22 / 07.08.2021
940
Ohangaron shahrida iste'mol talabi yuqori bo‘lgan dori vositalarining qimmat narxda sotilishining oldi olindi

Toshkent viloyati Ohangaron shahrida pandemiya sharoitida aholining iste'mol talabi yuqori bo‘lgan dori vositalarini qimmat narxlarda o‘tkazish orqali daromad orttirishni ko‘zlagan fuqarolar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DBQning Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan Ohangaron shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, S.A. va D.X. ismli fuqarolar pandemiya sharoitida aholining iste'mol talabi yuqori bo‘lgan dori vositalarini qimmat narxlarda o‘tkazish orqali daromad orttirishni ko‘zlab, xorijda ishlab chiqarilgan 7 xil turdagi, jami 2 098 quti «Geparin», “Enoksaparin», «Tseftriakson», «Favipiravir», «Remdesivir», «Bakterazon» va «Deksametazon» nomli dori vositalarini xaridorga 160 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Baholash ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalarining umumiy narxi 80,3 mln so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top