10:52 / 08.08.2021
48150

Jurnalistga qilingan tuhmat Allamjonov va Mirziyoyeva tomonidan keskin qoralandi

Qalampir.uz internet-nashri jurnalisti Feruza Najmiddinovaga nisbatan uning sha'nini kamsituvchi tuhmatga nisbatan bir qator rasmiy bayonotlar va munosabatlar e'lon qilindi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘z bayonotida jurnalistlarga bosim o‘tkazishning eng jirkanch usullaridan biri — internet tarmog‘ida uyushtirilgan tazyiq bo‘lib qolayotganini qayd etgan.

«Odatda bunday usuldan nojoiz yoki noqonuniy ishlari jurnalistik surishtiruvga tushganlar foydalanadi.

Buning yo‘li oddiy: yolg‘on qanchalik dahshatli bo‘lsa, unga ishonish shunchalik oson. Tarmoqqa qing‘ir feyk joylanib, yolg‘onning to‘laqonli targ‘iboti boshlanadi. Maqsad – jurnalistlarni qo‘rqitib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan bosh tortishga majbur qilish.

Qalampir.uz internet-OAV bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova ham shu muammoga duch keldi. Anonim akkauntlardan past sifatdagi iflos video tarqatildi. Undagi ayol Feruza Najmiddinova deya da'vo qilinmoqda.

Tarmoqlarda bu yolg‘on ilib ketilib, tarqatib yuborildi, natijada jurnalistga ma'naviy ziyon yetkazildi. Shu munosabat bilan yana bir bor barcha OAV vakillariga murojaat qilmoqchiman: «Birovlarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib, manipulyatsiya obektiga aylanmang, ma'lumotni tekshiring». Aksariyat hollarda jurnalist nomini obro‘sizlantirishning asosiy sababi oddiy — qasos bo‘ladi. Jurnalistni yomonotliq qilishdan kim manfaatdorligini o‘ylab ko‘ring.

Hamkasblar, agar sizning ovozingizni o‘chirishga, nomingizni chaplashga yoki tuhmatga qoldirishga urinishayotgan bo‘lsa, demak, Siz to‘g‘ri yo‘ldasiz, kimgadir qattiq tegib ketgan haqiqatni yozyapsiz.

Mass-media fondi bunday holatlarga jim qarab turmaydi – biz har bir professionalning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilamiz.

Pastkash insonlar doim bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Ammo biz ulardan cho‘chimasligimiz kerak.

Feruza, biz Siz tomondamiz!» — deyiladi Allamjonovning bayonotida.

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta'minlash bo‘yicha komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva ham Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlab, o‘z Telegram kanalida videochiqish qildi.

«Hurmatli jurnalist va bloger opalarim, singillarim.

Sizning o‘tkir qalamingiz, kuchli zehningiz tahsinga sazovor. Bugungi bo‘lgan jirkanch voqea aslo shashtingizni so‘ndirmasin. Shantaj, bo‘htonlar sizni sindirib qo‘ymasin. Men siz bilanman, men yoningizdaman. Men — Feruzaman», — degan o‘z chiqishida Saida Mirziyoyeva.

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda va Telegram kanallarda #Men_Feruzaman heshtegi ommalashmoqda. «Mumtoz davra» guruhiga a'zo taniqli jurnalist ayollar ham Feruza Najmiddinovani ma'naviy qo‘llab-quvvatlab, unga bo‘lgan bo‘htonni qoralab videochiqish qilishdi. 

Top